Breaking News

Turkiyadagi ommaviy hibslar haqida jamoatchilik fikri qanday?


Turkiyada amalga oshmagan davlat to`ntarishi ortidan ommaviy hibslar boshlandi. Hozirgacha armiya, sud, politsiya xodimlaridan 6 mingdan oshiq kishi qamoqqa olingan. Davlat to`ntarishiga qarshi Turkiya bo`ylab yoyilgan namoyishlar ham yakuniga yetmoqda. “Amerika ovozi” Turkiyada yashayotgan o`zbek sharhlovchilari bilan amalga oshmagan davlat to`ntarishi, isyondan keyingi Turkiyadagi bugungi mavjud vaziyat haqida suhbatlashdi. Voqealarga yondoshuvda jiddiy tafovutga ega bu qarashlar Turkiyadagi bugungi jaroyonning ziddiyatli qolayotganidan darak beradi. Dastlab Istanbulda yashayotgan sharhlovchi Namoz Normo`nning talqiniga to`xtalamiz.

Turkiya voqealari haqida Namoz Normo'min bilan suhbat
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:32 0:00

Istanbuldagi “Turkistonliklar” jamiyati faoli, sharhlovchi Namoz Normo`min bir necha yillardan buyon Turkiyada yashaydi, Turkiyadagi siyosiy jarayonlarni yaqindan kuzatib keladi.

“Bugungi, dushanba kungi vaziyatga ko`ra, Turkiyada ikki narsa alohida ta'kidlanayapti. Birinchisi davlat to`ntarishiga barham berilgani, ikkinchisi, bu to`ntarishda ayblanayotgan yuzlab odamlarning hibsga olinishi. Ular orasida Oliy sud, armiya, davlat idoralarida ishlagan boshqa ma`murlar bor. Harbiylardan 30 dan oshiq general hibsga olingan, politsiya hibsga olish bo`yicha maxsus amaliyotlarni davom ettirmoqda”, - deydi Namoz Normo`min.

Turkiyadagi davlat to`ntarishiga urinishni qoralab chiqqan xalqaro jamoatchilik, bostirilgan bu to`ntarishdan so`ng qatag`onlar boshlanishi mumkinligidan xavotir bildirdi. Amalga oshmagan to`ntarishdan so`ng bir kun ichida 6 mingdan oshiq kishining hibsga olinishi bu boradagi xavotirlarni kuchaytirgan. Erdog`anni avtoritar boshqaruv o`rnatishga urinishda ayblab kelgan tanqidchilar, hibslar muxolifatga qaratilishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Namoz Normo`minga ko`ra, xavotirlarga asos yo`q.

“Yo`q, bunday xavotirlarga asos yo`q. Davlat to`ntarishi bu jiddiy jinoyat. Hozir faqat dastlabki tergovlar, hibslar ketayapti, bularning hammasi mahkamaga chiqariladi, u yerda hammasi aniqlashadi. Ya'ni kimning isyonchi ekanligi, kimning bunga mutlaqo aloqasi yo`qligi. Turkiya ochiq davlat, mahkamaning shaffof o`tishiga men ishonaman. Isyonchilar jazolanishi kerak, butun davlatlarda bu xuddi shunday”, - deydi u.

Davlat to`ntarishiga urinish bostirilganidan bir necha kun o`tdi, vaziyat nisbatan tinchigan, isyonga qarshi mamlakat bo`ylab kuzatilgan namoyishlar ham bosilmoqda. Turkiya xalqi o`tgan kunlar voqeasiga nisbatan nimalar demoqda, jamoatchilikda qanday munozaralar mavjud?

“Albatta, bugungi kundagi munosabatlardagi farq shundaki, xalq to`ntarishlarni bartaraf etishda faol ishtirok etganligini his qilmoqda. Turkiya 1960-yillardan davlat to`ntarishlariga sahna bo`lib kelayotgan edi. Bugun esa Turkiya xalqi o`z so`zini aytdi, bu albatta xalqning va amaldagi hukumatning muvaffaqiyatidir”, - deydi Normo`min.

Turkiyada bungacha kuzatilgan to`ntarishlarning hammasi hukumatni egallash bilan yakunlangan, bu safar ham harbiylar o`rni alohida ko`rsatilmoqda, hibsga olinganlar orasida o`nlab generallar bor, ammo hukumat kuchlari davlat to`ntirishini bostirishga muvaffaq bo`lishdi. Bu davlat to`ntarishi ortida harbiylar turgani haqidagi iddaolarni shubha ostiga qo`ygan.

“Bu safar armiya o`rtasida bo`linish kuzatilgani rost. Armiya bosh qo`mondonlari isyonchilar tomonidan asir olindi, to`ntarishni armiya ichidagi bir qism ofitserlargina qo`llab-quvvatlagan. Bundan tashqari politsiyaning ichida ham isyonchilar bo`lgan”, - deydi Normo`min.

Erdog'an to`ntarishda AQShda yashayotgan diniy ulamo Fathulloh Gulenni ayblab chiqdi, AQShdan Gulenni topshirishni talab qilmoqda. Turkiyada katta obro`ga ega Gulen bir paytlardagi safdoshi Erdog`an bilan ziddiyatga kirishishidan so`ng mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo`lgan edi. Fathulloh Gulenning o`zi Turkiyadagi to`ntarishlarga mutlaqo aloqasi yo`qligini aytib chiqdi.

“Hozir butun Turkiya matbuoti buni alohida ta'kidlayapti. FETO degan alohida ism berildi, ya'ni Fathulloh Terror Guruhi. Bunga har tomonlama dalillar ham keltirilayapti, qolaversa, bu narsa oldindan ham aytib kelingan. Masala to`ntarishgacha olib kelingandan so`ng ochiq aytilayapti. Bu kuchli bir jamoat, butun sohalarga kirib borgan, so`nggi paytda harbiylar ichiga ham. Bu inkor qilib bo`lmaydigan haqiqat, lekin baribir yakuniy qaror mahkamada aniq bo`ladi”, - deydi Normo`min.

Turkiyadagi to'ntarishga urinishni xalqaro hamjamiyat qoralab chiqdi, muxolif partiyalar ham hukumatni kuch bilan ag`darishga qarshi bayonot e`lon qilishdi. Ammo muxolifatda to`ntarishlarda hukumatning qo`li bor degan qarashlar ham yo`q emas, muxolif partiya yetakchilari isyon sahnalashtirilgan bo`lishi mumkin degan qarashlarni aytishgan.

“Parlamentdagi uchta muxolif partiya to`ntarishlarning ertasi kuni majlis o`tkazib, voqelarni qoralab chiqishdi, hukumatning yonida turishdi. Muxolifatda bunday fikr aytilgani yo`q, uni faqat tashqaridagi axborot vositalari olib chiqishdi. Erdog'anni o`z xalqiga nisbatan bunday fitnani tashkil qilishini aqlga sig`dirib bo`lmaydi. U yerda yuzlab odamlar o`ldirildi, parlament bombalandi, bunday tuhmatni qabul qilib bo`lmaydi ”, - deydi Normo`min.

Turkiyada 15-iyul kuni kuzatilgan davlat to`ntarishini bostirish paytida 260 dan oshiq odam qurbon bo`ldi, aksariyati politsiya va harbiylardan iborat, ammo qurbonlar orasida tinch aholi ham ko`p.

“Afsuski, isyonchi turk harbiylarining o`z xalqiga qarata o`q otgani bu rost”, - deydi Normo`min.

To`ntarishga urinish bir guruh harbiylarning davlat idoralari, muhim obyektlar, ayrim ommaviy axborot vositalarini qamal qilishidan boshlandi. Bu paytda dam olishda bo`lgan Prezident Erdog`an to`ntarish harakatlari ortidan Istanbulga qaytdi, biroz o`tib isyon bostirilganini e`lon qildi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG