Breaking News

Turkiyada hibsga olinganlar soni 6000 ga yaqinlashdi


Turkiyada hukumatni ag'darishga uringanlikda ayblanib hibsga olingan harbiylar va sudyalar qariyb 6000 ga yetdi. Prezident davlat to'ntarishida xorijdagi diniy arbobni ayblamoqda.

Qamoqqa olingan yuqori martabali harbiylar orasida 3-armiya kuchlari qo'mondoni general Erdal O'zturk, yirik garnizon qo'mondoni general Ozhan Ozbakir ham bor. Ular davlatga xiyonat qilishda ayblanmoqda.

AQSh va boshqa davlatlar foydalanuvchi "Injirlik" havo bazasi qo'mondoni, general Bekir Erjan Van ham hibsda.

Bir guruh zobitlar harbiy vertolyotda Gretsiyaga qochib, u yerdan siyosiy boshpana so'ragan. Anqara Afinadan ularni zudlik bilan Turkiyaga topshirishni talab qilmoqda.

Diniy ulamo Fathulloh Gulenga aloqadorlikda ayblangan 2745 sudya ham vazifasidan ozod qilingani aytilmoqda. Shuningdek, turk matbuoti xabariga ko'ra, Turkiya Oliy sudining ayrim a'zolarini hibsga olish haqida orderlar berilgan.

Politsiyachilar armiya tanklari ustida
Politsiyachilar armiya tanklari ustida

AQShning Pensilvaniya shtatida istiqomat qiluvchi Gulen voqealarga aloqadorligini inkor qildi. AQSh davlat kotibi Jon Kerri Gulenni ekstraditsiya qilish haqida Turkiyadan so'rov bo'lmaganini bildirdi, ammo asosli dalillar taqdim qilinsa, Vashington bu iltimosni ko'rib chiqishini aytdi.

NATO a'zosi bo'lgan Turkiya AQShning mintaqadagi yaqin hamkorlaridan sanaladi. "Islomiy davlat" jangari guruhiga qarshi kurashda Anqara yaqindan yordam berib kelmoqda.

Jumadan shanbaga o'tar kechasi poytaxt Anqara va Istanbul shaharlarida otishma va to'qnashuvlar davom etgan.

Hukumat bayonoti

​Bosh vazir Binali Yildirim 16-iyul shanba kuni tushdan so'ng xalqqa murojaat qilib, hukumat to'liq nazoratni qo'lga olganini bildirdi. U bo'lib o'tgan hodisani "turk davlati uchun qora dog'" deb atadi.

Erdog'an o'tirgan samolyot shanba kuni ertalab Istanbul aeroportiga qo'ndi. U tarafdorlari oldiga chiqib, matbuot anjumani o'tkazdi. U yuz bergan hodisani "xalqiga qarata qurol ko'targan xoinlarning ishi" deb atadi.

"Ular xalqning qurolini xalqqa qarshi qaratdi. Bu hukumatni hokimiyatga xalq olib keldi. Biz xalq bilan birga ekanmiz, ular hech qachon muvaffaqiyatga erisha olmaydi", - dedi Erdog'an.

Qurbonlar soni

Qurolli kuchlar shtabi rahbari vazifasini bajarayotgan general Umit Dundarning aytishicha, jumadan beri 265 odam halok bo'lgan: askarlar, politsiyachilar, oddiy fuqarolar hamda to'ntarish tashkilotchilari sifatida ko'rilgan shaxslar.

Hukumat binolari va harbiylar shtab-kvartirasini qo'riqlayotgan yuzlab askar hukumat kuchlariga taslim bo'lgan.

Xalqaro hamjamiyat va mahalliy jamoatchilik munosabati

AQSh Prezidenti Barak Obama Turkiyada harbiylarning davlat to'ntarishini amalga oshirishga urinishi yuzasidan bayonot chiqarib, barcha partiyalarni mamlakatning demokratik yo'l bilan saylangan hukumatini qo'llab-quvvatlashga chaqirdi.

Turkiyaning amaldagi hukumatga muxolif partiya va guruhlari ham davlat to'ntarishini qo'llab-quvvatlamasligini e'lon qildi.

Turkiyada xalq isyonga qarshi ko'chalarga chiqdi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:57 0:00

Prezident Erdog'an xalqni isyonga qarshi ko'chalarga chiqishga undashi bilan minglab odamlar mamlakat ko'chalarini to'ldirib, norozilik namoyishlarini boshlab yuborgan.

Video tasvirlarda ularning harbiylar yo'lini to'sgani, tanklar ustiga chiqib olgani, hatto ayrim joylarda askarlarni qurolsizlantirib qo'lga olgani ko'rinadi.

Parlament binosi va bir necha hukumat binolariga havodan zarba berilgan. Binolar jiddiy shikastlangan va qurbonlar bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG