Breaking News

Kurdlar Turkiya chegarasidan chekinmoqda


Turkiya Suriyada harbiy amaliyot boshlashidan bir kun o'tib, AQSh himoyasidagi suriyalik kurd jangchilari Frot daryosi sharqidagi bazalariga chekinayotganini ma'lum qildi. Suriya mojarosiga yechim topishda va AQSh-Turkiya aloqalarida kurd isyonchilari bahsli mavzu hisoblanadi. AQSh ularni "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda ishonchli hamkor deb hisoblasa, Anqara nazarida ular ayirmachi va terrorchilardir.

AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya so'zlovchisining aytishicha, kurdlar Raqqani egallash jangiga tayyorgarlik ko'rish uchun sharqqa ko'chgan. Ammo ularnng qanchasi chekingani haqida aniq ma'lumot yo'q. Anqara kurdlarning barchasi hududni tark etishi kerak, deb talab qilayotgan edi.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho'g'li va AQSh Davlat kotibi Jon Kerri masalani telefon orqali gaplashgan. Bu payt Kerri Saudiya Arabistonida arab ittifoqchilari bilan Suriya mojarosiga yechim topish masalasini muhokama qilayotgan edi.

Kerri shu hafta Jenevada Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashadi. Uchrashuv oldidan Kerri Suriya mojarosi yuzasidan olg'a surilayotgan yangi reja bo'yicha o'ziga ko'proq tarafdor yig'ishga urinmoqda.

Ikki davlat rasmiylari muloqotida "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda o'zaro axborot almashish va harbiy hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilinadi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ayni paytda Turkiya harbiylarining Suriyaga kirganidan xavotirda. Kreml rasmiylarining aytishicha, turk askarlarining ham "Islomiy davlat" jangarilari, ham kurdlarga birdek hujum qilishi mamlakatdagi fuqarolar urushini yanada avj oldiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG