Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'anning aytishicha, mamlakat janubi-sharqidagi xurujni 12-14 yoshlar orasidagi bola amalga oshirgan.
Shanba kuni oqshom paytida Gaziantep shahridagi to'ylardan biri azaga aylandi. Nikoh kechasida o'yin-kulgi qilayotgan odamlar yonida portlash ro'y berib, kamida 51 kishi o'lgan, o'nlab odam jarohat olgan. Erdog'an xudkush bombachining balog'at yoshiga yetmagan, "Islomiy davlat"ga aloqador bola ekanini aytdi.
"Mamlakatimiz, millatimizga hujum qilganlarga gapimiz bir: Bizni yenga olmaysiz!" - deydi Erdog'an.
AQSh hukumati xurujni qoraladi. Oq uyning ma'lum qilishicha, Vitse-prezident Jo Bayden 24-avgust kuni Anqarada bo'ladi.
Gaziantep shahri Suriya chegarasidan shimolda joylashgan. Undan 90 kilometr narida esa Suriyaning Manbij shahri joylashgan. 2014-yilda Daish nazoratiga o'tgan shaharni ikki oylik qamal va janglardan so'ng bir necha kun burun arab va kurd qurolli kuchlari ozod qildi; jangarilar Turkiya chegarasi tomon qochgani aytiladi.
Erdog'an terrorchilarni toifaga bo'lmaymiz, dedi.
"Daish ham, Kurdiston ishchilar partiyasi ham, yaqinda mamlakatda davlat to'ntarishiga harakat qilgan Fathulla Gulen tarafdorlariga munosabatimiz bir", - dedi u.
Xuruj Kurdiston ishchilar partiyasi hukumat bilan ko'p yillik mojaroga yakun yasashga qaratilgan yangi tinchlik rejasini e'lon qilishidan bir necha soat o'tib sodir bo'ldi. Kurd manfaatlarini himoya qiluvchi Xalq demokratik partiyasi portlashni qoraladi.
Kurd jangarilari Anqara bilan tinchlik muzokaralarini davom ettirishga tayyor ekanini bildirib, birinchi qadamni hukumat tashlashi kerakligini ta'kidladi.