Breaking News

Turkiyada kurdlar bilan tinchlik muzokaralari qayta boshlanishi mumkin


Kurdlarni qo'llab-quvvatlovchi HDP partiyasi yetakchisi Salohiddin Demirtosh
Kurdlarni qo'llab-quvvatlovchi HDP partiyasi yetakchisi Salohiddin Demirtosh

Turkiyada yuqori martabali generallarning qariyb yarmi shu oy boshidagi davlat to’ntarishiga aloqada gumon qilinib, lavozimlaridan bo’shatildi. Turkiya armiyasidagi bu qaramaqarshilikka qaramay isyonchi Kurdiston ishchilar partiyasi (PKK) yirik hujumlarni amalga oshirmadi. Kurdlarni qo’llab-quvvatlovchi HDP partiyasi boshqa muxolifat firqalarga qo’shilib to’ntarishga qarshi chiqdi. Endi hukumat va kurd isyonchilar o’rtasida tinchlik muzokaralari qayta boshlanishiga umid bor.

General Adem Hudutiy hibsga olingan generallarning eng kattasi. Asosan, isyonchi PKKga qarshi harbiy harakatlarni u boshqargan. Turkiya maxsus kuchlari qo’mondonlari orasida PKKga qarshi kurashganlarning bir qismi endi hibsda, ammo isyonchilar kurashni jadallashtirmadi.

“Men Turkiya ahvolini yurak xurujiga qiyoslayman. Tana nihoyatda zaif, o’zini himoya qilolmaydi. Hozir PKK hech narsa qilmayotganidan xursandman. Ammo taraflar orasida qanday aloqa borligidan bexabarman”, - deydi Istanbuldagi Qodir Has universitetidan xalqaro munosabatlar bo’yicha ekspert Soli Ozel.

Davlat to’ntarishiga urinishdan buyon havo qo’shinlari PKKning shimoliy Iroqdagi istehkomlarini bir marta bombaladi, xolos. Turkiya prezidentining xalqaro masalalar bo’yicha maslahatchisi Ayshe Sozen Usluer PKKga nisbatan siyosat o’zgarmaganini aytadi, lekin mojaro siyosiy yo’l bilan hal qilinishi mumkinligini ehtimoldan soqit qilmaydi.

“Tinchlik muzokaralarini qayta boshlash imkoni doim bor. Biz kurdlar bilan PKK terror guruhi boshqa–boshqa masalalar, deb hisoblaymiz. Turkiyada tinchlik so’zlashuvlariga qaytish ehtimoli doim bo’lgan”, - deydi u.

Tinchlik muzokaralari iyul oyida to’xtab qolgan edi.

Turkiyada kurdlarni qo’llab-quvvatlaydigan HDP partiyasi rahbari Salohiddin Demirtosh davlatni to’ntarishga qaratilgan urinishni qoraladi, ko’plab kurdlar ham Prezident Erdog’anni hokimiyatdan ag’darmoqchi bo’lgan kuchlarni to’xtatish uchun ko’chalarga chiqdi.

“Cumhuriyet” gazetasi siyosiy sharhlovchisi Semih Idiz PKK vaziyatga qarab xulosa chiqarmoqda, deydi.

“Ular vaziyat qanday rivojlanishini kutmoqda. Agar boshqa muxolifat guruhlari bilan uchrashayotgan Prezident Erdog’an yaqin orada HDP yetakchisi bilan uchrashmasa, kurdlar norozi bo’lishi aniq. Chunki ular ham davlat to’ntarishiga qarshi chiqqan. Menimcha, hukumat PKK bilan muzokarani davom ettirishga tayyor, shu bois isyonchilar tinch turibdi”, - deydi u.

Dushanba kuni HDP yetakchisi Demirtosh Erdog’an bilan uchrashuvga taklif qilinmaganidan norozilik bildirdi. Ammo Bosh vazir Binali Yildirim HDP ham murosa qurish jarayoniga jalb etiladi, demoqda.

“Otashkesin birmuncha vaqt davom etsa, kurdlar jarayonga jalb etilishi mumkin”, - deydi Ozel.

Ayni vaqtda hukumat to’rt yil avval Turkiyaning Iroq bilan chegarasi yaqinidagi Uludere shahrida 34 kurd kontrabandachining o’limiga oid taftishni davom ettirish masalasini ko’rib chiqmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG