Suriya shimolidagi kurd jangchilarning aytishicha, Rossiya bu hududda harbiy baza barpo etmoqda. Kreml bu xabarni inkor etgan. Iroqning Musul shahri bu mintaqadan uzoq emas. U yerda armiya “Islomiy davlat”ga qarshi kurashmoqda. Iroq Kurdistoni mustaqil bo’lishga urinishi mumkin degan taxminlar avj olgan.
Kurd jangchilarining ishonchi baland. Rossiya Suriya-Iroq chegarasida harbiy jihatdan o’z rolini kuchaytirmoqchi va dunyoning bu qismida ta’sirini oshirmoqda, deydi ular.
“Rossiya kurdlar bilan muloqotda. Assadning hamkori. Dallollik qila oladi”, - deydi tahlilchi Zaynab Qoya.
Bu kurdlar esa AQSh tomonidan quvvatlangan. Terroristlarga qarshi kurashda jonbozlik ko’rsatmoqda.
Kurdlar bir tomondan Vashington, ikkinchi tomondan esa Rossiyadan yordam olmoqda. Turkiya chetda qolib ketgan. Kurdlarga Anqara terror kuchlari sifatida qaraydi. Chunki bu jangchilar pirovardida Turkiyadan ajralib chiqishni xohlaydi.
Shundoq ham beqaror hududda AQSh va Rossiya kurdlarni moylab, vaziyatni yanada chigallashtirmayaptimi?
Respublikachi senator Jon Makkeyn:
“Biz “Islomiy davlat”ni yengishimiz lozim. Ularni Raqqada yer tishlatish kerak. Shunday nozik davrda biz suyanayotgan kurdlar va Turkiya orasida nizolar kuchaysa, zarar qanchalik bo’ladi? Vashington nimalarni hisobga olishi kerak?”
General Josef Votel shunday javob beradi:
“Xavotirga sabab ko’p. Turkiya va kurdlar orasida urush boshlanib ketishiga yo’l qo’ymasligimiz lozim”.
Kurdlar Iroqda strategik shahar Musulni terrorchilardan tozalashda shia jangchilar va Iroq armiyasiga yaqindan ko’maklashmoqda.
“Musul uchun jang qilayotgan har bir tomon kelajakda bu hududni boshqarishda o’ziga xos rol o’ynashni istaydi. Hozir shahar uchun kurash ketmoqda, keyin hukmronlik uchun kechadi”, - deydi Zaynab Qoya.
Iroq shimolidagi kurd muxtoriyati rahbarlari yaqin kelajak qaltis davr ekanini biladi, deydi rasmiylar.
“Shialar bilan urush boshlanishi mumkin. Bag’dod bilan kelisha olmasak, ahvol tang. Shia jangarilar bilan olishish kerak bo’ladi. Bu aniq”, - deydi kurd rasmiysi Lohur Talaboniy.
Kurdlar Iroqda mustaqillik talabi bilan chiqishi mumkin degan shov-shuv hozirda qiziganda qizigan.
“Kim nima istaydi, bu mavhum. Kurdlar haqiqatdan ham mustaqillik deb chiqadimi yoki millatchi kurdlar birlashib, harakat boshlab, hozirgi tartibni buzadimi? Boshqaruv yanada zaiflashadi”, - deydi tahlilchi Komron Matin.
Bag’dod va Vashington muloqotda. Rahbarlar fikr almashmoqda, deydi diplomatlar. Oq uy nazarida kurdlar mustaqillik talabini olg’a surmasligi kerak. Bu mintaqadagi ahvolni yanada izdan chiqaradi degan qarash hukmron.