Breaking News

Erdog'an: Al-Bab shahrini Daishdan ozod etishga yaqinmiz


Turkiya qo'shinlari hamda Suriyadagi qurollangan muxolifat al-Bab shahriga kirgani haqida xabarlar kelmoqda. "Islomiy davlat" to'dasi yaqin kunlarda bu yerdan butkul haydab chiqariladi, deydi Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an.

Uning aytishicha, armiya shundan so'ng Suriyaning Manbij va Raqqa shaharlarini ham ozod etishga harakat qiladi. "Maqsadimiz - 4-5 ming kvadrat kilometr maydonni terrorchilardan tozalab, xavfsiz zona barpo etish", - dedi Erdog'an Bahrayn, Saudiya Arabistoni va Qatarga safari oldidan.

"Islomiy davlat" Raqqani 2003-yilda bosib olgan va uni o'z poytaxti deb e'lon qilgan.

Britaniyadan turib Suriyadagi vaziyatni kuzatuvchi faollarga ko'ra, Turkiya qo'shinlari hozirda al-Bab shahrining 10 foizini nazoratga olgan. "Furot qalqoni" deb nomlangan operatsiya avgust oyida boshlangan bo'lib, ikki maqsadni ko'zlaydi - chegara hududni terrorchilardan tozalash va kurd jangchilarini chegaraga yo'latmaslik.

Anqara Suriya kurdlarining Kurdiston ishchilar partiyasi bilan birlashib, kuchga to'lishidan xavotirda.

Jurnalistlar bilan suhbatlashgan Prezident Erdog'an chegara hududlar tozalanganidan so'ng qo'shinlarimiz Suriyada qolmaydi, deya ta'kidladi. Avgust oyidan beri Turkiya bu amaliyotlarda 67 askarini yo'qotgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG