Breaking News

Suriyada AQSh quvvatlovchi guruhlar o'rtasida to'qnashuvlar


"Qizil Xoch" gumanitar tashkiloti xodimi Halabda. 2016-yil 30-aprel
"Qizil Xoch" gumanitar tashkiloti xodimi Halabda. 2016-yil 30-aprel

AQSh tayanchiga ega guruhlar "Islomiy davlat" to'dasiga qarshi kurashar ekan, bir-biri bilan to'qnashmoqda.

Kurd guruhlar va Turkiya dastaklayotgan Erkin Suriya armiyasi (FSA) isyonchilari Halab yaqinidagi al-Bob shahrini nishonga olgan. Bu esa Vashington-Anqara munosabatlarini yanada taranglashtirishi mumkin.

Na asosan kurdlardan tashkil topgan Suriya demokratik kuchlari (SDF), na FSA taslim bo'lmoqchi emas. Ikkala guruh al-Bob uchun jang qilmoqda.

Kurd jangchilar
Kurd jangchilar

Al-Bobda "Islomiy davlat" hujumidan oldin 70 ming odam, asosan arablar yashagan. Suriya hukumati qo'shinlari hozirda shaharga yaqinroq. Agar ular shaharga birinchi bo'lib kirib borsa, isyonchilarni qurshovga oladi.

Ammo bu tahdidga qaramay SDF va FSA birlashayotgani yo'q. Vaholanki AQSh harbiylari ularni aynan birgalikda kurashishga undamoqda.

Al-Bob atrofidagi to'qnashuvlar

Turkiya Prezidenti Rajap Toyib Erdog'an bunday to'qnashuvlarda AQShni aybladi. Hozirda har ikkala guruh al-Babga hujumni rejalamoqda va hech biri taslim bo'lmoqchi emas.

Bunday to'qnashuvlar ilgari ham kuzatilgan - asosan kurdlardan tarkib topgan kuchlar, FSA va jihodchilar bir-biri bilan tez-tez olishib turadi.

Avgust oyida Turkiya Suriya shimolida "Furot qalqoni" operatsiyasini boshlaganidan buyon Halab viloyatida dushmanlar yuzlashmoqda. Bundan Vashington xavotirda. AQSh rasmiylari ikki hamkor bir-biri bilan urushayotganidan norozi.

Bu ziddiyatlarni kamaytirish maqsadida o'tgan oy Istanbulda AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden SDFdan Furot yaqinidagi Manbij shahridan qo'shinlarni olib chiqishni talab qilib, aks holda guruh Vashington tayanchidan mahrum bo'lishga yaqin qoldi, deya ogohlantirgan edi.

Turkiya rasmiylari va isyonchilar SDF Vashington talablariga javob bermayotganini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG