Breaking News

Suriya hukumati va muxolifati sulh shartlarini qabul qildi


A rebel fighter looks through binoculars in Quneitra countryside, Syria, Sept. 10, 2016.
A rebel fighter looks through binoculars in Quneitra countryside, Syria, Sept. 10, 2016.

Suriya hukumati AQSh va Rossiya vositachiligida erishilgan sulh kelishuvini qabul qildi. Davlat matbuotiga ko’ra, Halabdagi harbiy harakatlar gumanitar sabablarga ko’ra vaqtincha to’xtatiladi.

Suriya armiyasi bilan hamkorlikda jang qilayotgan Livanning Hizbulloh harakati ham sulhga rioya qilishini, ammo hujumga uchrasa, javob qaytarishini bildirdi.

O’tgan oy Suriyaga qo’shin va harbiy texnika kiritgan qo’shni Turkiya ham dushanba oqshom kuchga kirishi kutilayotgan otashkesinni qo’llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

10-sentabr kuni Turkiya havo hujumlarida Suriya shimolida “Islomiy davlat” to’dasining 20 jangarisi yo’q qilingan.

Shartnoma haqida Jenevada ma’lum bo’ldi. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va AQSh Davlat kotibi Jon Kerri ko’p soatlik muzokaralardan so’ng bir to’xtamga keldi.

Qo’shma Shtatlar Suriya muxolifatiga sulh shartlariga rioya qilishni tayinladi, ammo Suriya armiyasi yoki Rossiya harbiy-havo kuchlari o’q otgudek bo’lsa, muxolifat o’zini himoya qilishga haqli ekanini bildirdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti va gumanitar guruhlar sulh paytida qamalda qolgan Halab aholisiga oziq-ovqat suv va dori-darmon yetkazishga hozirlanmoqda.

Tomonlar Qurbon hayiti kunlari zo’ravonlik susayishiga umid qilmoqda.

Bu o’rtada AQSh va Rossiya Daish va Jabhat al-Nusra terrorchi guruhlarini birgalikda nishonga olishga kelishib oldi. Hozircha taraflar alohida harbiy kampaniya olib bormoqda.

Jon Kerri nazarida, Suriya harbiy-havo kuchlari hujumlari oqibatida Halabda tinch aholi orasida qurbonlar ko’p, odamlar shahardan qochishga urinmoqda.

Sergey Lavrovning aytishicha, sulh rioya qilinishga 100 foiz kafolat yo’q, chunki kelishuvni izdan chiqarmoqchi bo’lgan ko’plab kuchlar bor.

“Agar harbiy harakatlarni kamaytirishni uddalasak, siyosiy jarayonga yo’l ochiladi”, - deydi AQSh davlat kotibi.

AQSh, Suriya muxolifati, arab mamlakatlar va Turkiya Suriya Prezidenti Bashar Assadning hokimiyatdan ketishini va bo’lajak siyosiy jarayonlarda qatnashmasligini istaydi. Rossiya, Eron va Damashq esa buni Suriya xalqi hal qilishi kerak, deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG