Breaking News

“Qirg’iziston Markaziy Osiyoning tijorat markaziga aylanmoqda”


Uch yil ilgari ikkinchi inqilobni boshdan kechirib, parlament boshqaruviga o’tgan Qirg’izistonda yangi demokratik sistema har bir fuqaro va oila farovonligini oshirishga xizmat qilishi kerak, deydi Bosh vazir birinchi o’rinbosari Joomart Otorbayev.

Ish o’rinlari yaratish va mamlakatga sarmoya jalb etish prioritet deb belgilangan.
Qirg'izistonda iqtisod va sarmoya muhiti/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:17 0:00
Yuklab oling

AQShga tashrif buyurgan rasmiy jurnalistlar bilan uchrashuvda Qirg’izistondagi bugungi iqtisodiy manzara va qo’shnilar bilan aloqalarni sharhlab berdi.

Markaziy Osiyo uchun tamomila yangicha, parlamentar tizimda ishlash oson emas.

Joomart Otorbayev Qirg’iziston hukumatida iqtisod va moliya uchun mas’ul. Vashingtonga Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg’armasi yig’ilishlarida qatnashish, ulardan maslahat va ko’mak olish uchun kelgan.

Uning aytishicha, Qirg’iziston o’z iqtisodiy kelajagini yirik davlatlar, xususan, Hindiston, Xitoy va Rossiya bilan yaqin hamkorlikda ko’radi.

“O’lka Markaziy Osiyoning tijorat markaziga aylanib bormoqda. Qirg’izistonda yalpi ichki mahsulot hajmi atigi 6 milliard dollarni tashkil etadi, ammo Xitoydan import 10 milliard dollarga teng. Bular asosan Rossiya va Qozog’istonga qayta eksport qilinadigan mahsulotlar. Shu ma’noda, Qirg’iziston mintaqadagi eng yirik bozorga aylangan va Xitoy molining asosiy taqsimotchisi”, - deydi Otorbayev.

Xitoydan Qirg’izistonga shunchalik ko’p mahsulot kiradiki, oradagi savdo balansi o’ta salbiy. Uni muvozanatga keltirish uchun ularning ham bozori biz uchun ochiq, deydi rasmiy.

“Shuning uchun Qirg’izistonni shunday bir davlat deb reklama qilayapmizki, bu yerda mahsulot ishlab chiqargan investorlar faqatgina 5,5 million aholiga emas, qo’shni davlatdagi 1,3 milliard xitoylik mijozlarga ham chiqish imkoniyatiga ega bo’ladi”.

Qirg’iziston yaqin orada boj ittifoqiga kirishni ham mo’ljallayapti. Otorbayev so’zlariga ko’ra, Rossiya, Qozog’iston va Belarusdan iborat bu uyushmaga qo’shilish tabiiy bir jarayon, chunki o’lka bu davlatlar bilan ham ko’p savdo qiladi. Maqsad chegaradagi to’siqlarni olib tashlab, tariflarni uyg’unlashtirib, raqobatga yo’l ochish.

Albatta, xorij sarmoyasini jalb etishning o’z shartlari bor. Mezbon davlatda qonun ustuvorligi, korrupsiya darajasi, infratuzilma holati, qolaversa, xavfsizlik va barqarorlik eng muhim faktorlardir.

“Qirg’iziston xalqi turmush yaxshilanishi uchun vaqt kerakligini tushunadi, lekin korrupsiya davom etishiga toqati yo’q”, - deydi bosh vazir muovini. - “Muammo shundaki, kambag’al davlatda bu illatni yo’q qilish oson emas. Qirg’izistonda kishi boshiga yillik daromad taxminan 1200 dollarga teng, bu pulga tirikchilik qilish qiyin. Hukumat xizmatchilariga yetarli maosh to’lash uchun avvalo byudjet sog’lom bo’lishi kerak”.

Qirg’iziston korrupsiyaga taraqqiyot yo’lidagi fundamental muammo deb qaraydi va keskin choralar ko’ra boshlagan, deydi vazir. Byurokratiya, qog’ozbozlik, tekshiruvchi idoralar sonini kamaytirish ustida ish ketmoqda. Boshqa so’z bilan aytganda, mansabdorlar va biznes o’rtasida devor barpo etilayapti, deydi Joomart Otorbayev. Jahon banki bu dasturni ishlab chiqishda ko’maklashyapti.
Joomart Otorbayev, Qirg'iziston bosh vaziri birinchi o'rinbosari
Joomart Otorbayev, Qirg'iziston bosh vaziri birinchi o'rinbosari

Energetika Qirg’iziston uchun strategik soha. Qambar-Ota-1 singari yirik loyihalar qatorida ayni paytda Rossiya ko’magida qiymati to’rt milliard dollarga teng besh elektrostansiya qurilyapti. Kelajakda elektr quvvatini qo’shni davlatlarga eksport qilish rejalangan.

O’zbekiston nazarida to’g’onlar qurish transchegaraviy daryolardan foydalanish tartibini buzish demakdir. Toshkent noroziligini ochiq bildirib kelmoqda.

“Qo’shnilar bilan munosabatlarimizni qadrlaymiz va ularning manfaatiga ziyon yetkazadigan biror ishga qo’l urmaymiz”, - deydi qirg’iz rasmiysi tanqidlarga javoban. - “O’zbekiston bilan bu borada gaplashyapmiz va uning fikrlariga quloq tutamiz. Bu loyihalarga katta sarmoya yotqizishdan oldin ekologik xavfsizligini aniqlashdan biz ham manfaatdormiz”, - deydi u.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatda Otorbayev O’zbekiston bilan savdo-sotiqni, shuningdek, qo’shnichilik ruhida muloqotni kengaytirish kerakligini ta’kidladi.

“O’zbekiston bizning tadbirkorlar uchun katta bozor”, - deydi u.

Sarmoya muhiti haqida gap ketganda, mamlakatdagi siyosiy-ijtimoiy muhitni hisobga olmasdan iloj yo’q.

Joomart Otorbayevning aytishicha, Qirg’izistonda elatlararo keskinlik darajasi nisbatan pasaygan. Shu masala bilan alohida shug’ullanish uchun yaqinda hukumat qoshida maxsus agentlik tuzilgan.

Janubda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlashning eng effektiv yo’li, deydi u, odamlarning ish bilan ta’minlash va ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat. Negaki har xil mojarolar ko’pincha ishsizlikdan kelib chiqadi.
XS
SM
MD
LG