Breaking News

O'zbeklar saylovda kimga nima uchun ovoz beradi? Bugungi vaziyat va siyosiy partiyalar


Qirg’izistonda 10 oktabrda o’tadigan parlament saylovlari uchun nomzodlar asta sekin o'z siyosiy kampaniyalarini boshlar ekan, mamlakatda siyosiy partiyalar soni 150 dan oshgani qayd etilmoqda.

Tahlilchilar nazarida "mayda-chuyda" guruhlarning ko'paygani tarqoqlikdan dalolat va saylov jarayonini yanada qiyinlashtirsa ajabmas.

Yangi bosh qomusga binoan Qirg'iziston parlament boshqaruviga o’tadi.

Janubda o'zbek aholining, iyun oyidagi qirg'in ketidan hukumat va siyosatdan umuman ko'ngli qolgan.

Lekin o’shlik tahlilchi Odiljon Obidov fikricha bu parlament saylovi juda muhim ahamiyatga ega.

“Parlament saylovi o’lka rahbariyatini legitimlashtirishiga yordam beradi. O’z navbatida hokimiyat tizimlari mamlakat rivojlanishi uchun aniq harakat qilishi kerak. Qirg’izistondagi bosholomonni to’xtatishi kerak. Saylovga ko’pchilik o’zbeklarning munosabati aniq emas. Sababi, birinchidan, mamlakatdagi vaziyat aniq emas. Ikkinchidan, Qirg’iziston bundan keyin qaysi yo’l bilan borishi haqida mamlakat rasmiylari bir fikr bildirganicha yo’q", - deydi Odiljon Obidov.

Qirg’izistonda siyosiy partiyalar serob, lekin aksariyatining etnik tarkibi keng emas.

O'zbek aholining hozir saylov haqida qayg'urishga holi yo'q. Kelajak mavhum, deydi ular. Bolalar ertaga nima qiladi? Qanday holatda yashaydi? Xorijga ketsinmi? Qanday qilib? Bu hukumat nima karomat ko'rsatdiki, ertaga keladigan yangi siyosatchilar nima qilib beradi?

Kelajakdan umidvor faol fuqarolar ham bor. Yirik partiyalardan birining mahalliy rahbari Mamasoli Mashrapxo’jayev safdoshlari orasida o'zbek, tojik va tatarlar ham ko'p ekanini aytadi.

“Mana konstitutsiya borasidagi referendumga ham insonlar chiqmaydi, sababi O’sh va Jalol-Oboddagi voqealardan so’ng odamlar hukumatga ishonmay qo’ygan degan fikrlar ham ko’p edi. Biroq hukumatlar kelib ketadi, el esa bu yerda qo’ladi. O’zining kelajagiga befarq bo’lmagan millat albatta bo’lajak parlament saylovlarida faol qatnashishi kerak”, - deya undaydi u.

Qirg'in o’zbek arboblarini siyosatdan uzoqlashtirdi, ularning bir qismi mamlakatni tark etdi.

“Ayrim siyosatdonlar o’zlarining tashvishlari bilan ovora bo’lib, elning hayoti ularga ikkinchi darajali bo’lib qolgan. Bunday hol bizning millat uchun, liderlarimiz uchun uyat. Bu sharoitda yangi siyosatchilar chiqishi kerak”, - deydi Mamasoli Mashrapxo’jayev.

Tahlilchi Odiljon Obidov nazarida o'zbeklar ovoz berishi mumkin, lekin xafsala bilan emas.

“Qatnashishga qatnashadi, ammo qaysi partiyalar tarkibida? Millatlararo munosabatlarni barqarorlashtirish fikrida bo’lgan partiyalar safidami? Yoki ko’proq byurokratik pozitsiyada turgan partiyalar safida qatnashadimi? Buni hozircha aytish qiyin. Nomzodimni falon partiyaga qo’yaman degan shaxslar hozirda yo’q. O’zbeklardan chiqqan avvalgi deputatlarning ko'pi “Aq jol” partiyasi vakillari edi. Ular qaysi partiyaga a’zo bo’ldi, qanday yo’lni ma’qul ko’rdi? Hozircha bir fikr yo’q”,- deydi u.

Siyosiy madaniyat taraqqiy etmagan bir sharoitda saylovoldi kurashi o’lkani yanada beqarorlashtirishi mumkin.

Mahalliy siyosatshunoslar o’zbekzabon saylovchilar safi shu kunlarda keskin kamayib borayotganiga e’tibor beradi.

Yosh va o’rta yoshdagi fuqarolarnong ma’lum qismi xorijga, asosan, Rossiyaga muhojirat qilmoqda. Ushbu oqim borasida saylovga qatnashmoqchi bo’lgan siyosiy partiyalar lom-mim demayapti.

XS
SM
MD
LG