O’shda xorijga ketish, o’zga yurtdan panoh topish ilinjida yurganlar ko’p. Ular o’z kelajagini Qirg’izistonda ko’rmaydi. Chunki o’zbek aholi hamon xavf ostida kun kechirmoqda, hukumat ularni himoya qilishga harakat qilayotgani sezilmayapti.
Janubiy Qirg’izistondagi etnik to’qnashuvlardan so’ng qariyb 20 ming kishi chet elga ketish maqsadida hujjatlarni rasmiylashtirgan. Ular asosan Rossiya va Qozog’istonga ketayotgani aytiladi.
Odamlar beqarorlik va qo'rquvda yashashdan to'ygan.
“Ko’chib ketishlarining sabablari hammaga ayon. O’shdagi voqealardan keyin hech kim bizni himoya qilgani yo’q. Ko’chalarga chiqa olmayapmiz. Mahallamizda bir necha ayol kaltaklandi. Bir gap bilan aytganda, tinchlik o’rnatilmadi. Ko’pchilik haligacha qo'rqayapti. Magazinga borsak ham bir necha ayol to’planib borayapmiz”, - deydi o’shlik bir uy bekasi.
Chiqib ketayotganlarning aksariyati kuchga to’lgan, yosh va o’rta yoshli kasb egalari. Ular orasida quruvchi-me'morlar, muhandislar va shifokorlarni uchratasiz.
“Menga, masalan, ish yuzasidan qandaydir bosim bo’lgani yo’q hozircha. Ammo bolalarimning kelajagini o’ylagan holda Rossiyaga ketishga qaror qildim. U yerda qiynalishimiz aniq, biroq boshqa chora topa olmadim. Ish topib joylashib ketsak, balki rus fuqaroligiga ham o’tarmiz”, - deyid olis shimolga yo’l olgan o’shlik shifokor.
Mahalliy hokimiyat va Bishkekda o'tirgan rahbarlar zo’ravonlik takrorlanmaydi deya kafolat bermaydi.
“Davlatning biror bir mulozimi yoki boshqa biror bir inson bizga "ketmanglar, qayoqqa ketayapsizlar?" deb so'rayotgani yo’q. Aksincha, u yoqqa borsang ham “ketish”, bu yoqqa borsang ham “ketish” so’zlari uzilmayapti. Davlat bizga "vaziyatni barqarorlashtiramiz, hayot o’nglanib ketadi degan va'da bersa, balki ketayotganlarning soni ozayib qolarmidi”, - deydi bir ona.
Darhaqiqat davlat idoralari muhojirlar oqimini to’xtatishga harakat qilmayotgani ko’zga tashlanadi.
“Yagona Qirg’iziston” partiyasi lideri, sobiq davlat kotibi Adaxan Madumarov fikricha, aholining bu qadar umidsizlanib, nima qilib bo'lsa-da, mamlakatni tark etishga urinayotgani davlatchilik va butun xalq uchun fojia.
Qirg'iziston har jihatdan kuchsizlanadi, deydi u.
“Har bir davlat o'z fuqarolari xavfsizligini ta’minlashi darkor”, - deydi Madumarov.
Qirg'izistonning shundoq ham zaif iqtisodiyoti minglab mutaxassislardan ayrilmoqda. Ijtimoiy va madaniy jipslik, demografik xilma-xillik, intellektual zaxira boy berilmoqda.