Breaking News

O'shliklar tinchlik va nurli kunlardan umidvor


Uylari vayron bo'lgan o'shliklar vaqtinchalik tikilgan chodirlarda tunashmoqda. 6-iyul, 2010.
Uylari vayron bo'lgan o'shliklar vaqtinchalik tikilgan chodirlarda tunashmoqda. 6-iyul, 2010.

Qirg’izistonning O’sh shahrida maxsus komissiya vayron bo’lgan 590 bino hamda 80ga yaqin savdo maskani ahvolini tekshirgan. Hozirda ko’rilgan ziyon hajmi aniqlanmoqda. Bu haqda mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qilgan.

Davomli motam kunlaridan keyin jabrlanganlar o’z xonadonlaridan qolgan qoldiqlarni tozalashga kirishgan. Odamlar ertangi kunga umid bilan ko'z tikishmoqda.

“Ismim Abduhakimova Gulchehra. Biz ham o’sha kunlari O’zbekistonga qochdik. Erim snayper oqidan halok bo’ldi. Qaytib kelsak, uy-joyimiz kuyib bo’libdi. Ha, davlat chodir berdi. O’z hovlimizga tikdik. Insonparvarlik yordami ham kelmoqda. Ammo elektr quvvati tiklanmagan, gaz ta’minoti ham uzilgan. O’spirin bir og’lim bor. Kuygan uyimizni qanday tiklaymiz, bilmayman”, – deydu o’shlik ayol.

Yaqinda ro’y bergan qonli to’qnashuvlar paytida, rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, O’sh va Jalol-Obodda 1400ga yaqin uy yoqib yuborilgan.

Biroq Birlashgan Millatlar Tashkilotining sun’iy yo’ldosh orqali tadqiqot olib boradigan instituti – UNOSAT fazodan tushirilgan suratlarni o’rganish asosida birgina O’sh shahrining o’zida 1807 uy vayron etilganini aniqlagan.

Qirg’iziston Muvaqqat Hukumati vakillariga ko’ra, O’sh va Jalol-Obod shaharlarini avvalgi holiga keltirish uchun 450 million AQSh dollari lozim. Ushbu mablag’ni xorijiy va ichki sarmoyalar hisobiga topish ko’zda tutilmoqda.

Bor-budidan ayrilganlar hukumatdan yordam kutmoqda.

“Men 30 yil tikuvchi bo’lib ishlaganman, umr yo’ldoshim esa 45 yil qurilish sohasida mehnat qilgan. Olti bolani o’stirib, oqitdik. Uyimiz tomoman kuydi. Erim ishlagan tashkilot yaxshi mehnati uchun kichkina avtoulov hadya qilgan edi. O’sha mashina ham kul bo’ldi. Ollohga shukur, o’zimiz jonimizni saqlab qoldik. Davlat idoralarimi, xalqaro tashkilotlarmi bilmayman, bizni chodirlar bilan ta’minladi. Oziq-ovqat ham yetarli. Ammo vayron bo’lgan uyimizni o’zimiz tiklashga kuchimiz yo’q. Davlat qurilish materiallari yoki pul bilan yordam bermasa, juda qiynalamiz”, deydi keksa bir ayol.

“Bizga avvalambor tinchlik-osoyishtalik kerak. Sekin-asta uylarimizni yangidan eplab qurarmiz”, – deydi biz bilan suhbatda bo’lganlardan biri.

Ne chog’lik qiyin bo’lmasin, O’sh va Jalolobodda hayot davom etmoqda. Aksar o’shliklar xonadonlarini tiklashga kirishmoqda.

XS
SM
MD
LG