Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan Qirg’iziston ham shu kunlarda mustaqillik ayyomini nishonlamoqda. Ammo yozda O’sh va Jalol-Oboddagi qonli voqealardan keyin bayramona kayfiyat yo’q hisob.
Chingiz Aytmatov nomidagi xalqaro jamg’arma raisasi Shirin Aytmatova istiqlol kunida xalqqa noma yo’llagan. Janubda chodirlarda jon saqlayotgan hamyurtlarimni o’ylab, farzandini maktabga jo’natishga yuragi betlamay yurgan vatandoshlarimni o’ylab ko’z yosh to’kaman, deydi u. Yoz bo’yi Shirin Aytmatovaga tanqid ham, maqtov ham mo’l yog’ildi.
Shirin taniqli adib Chingiz Aytmatovning farzandi. Qirg’izistondagi Markaziy Osiyo Universitetida jahon adabiyotidan dars beradi. Aytmatov nomidagi xalqaro jamg’arma raisasi. Bir yarim yoshli qizaloqning onasi. Uzoq yillar Qo’shma Shtatlarda yashab, oliy ma’lumotli bo’lib, to’rt yil oldin vataniga qaytgan.
Yoz boshidan beri O’shga bir necha bor safar qilib, asosan qirg’iz tomoni tortgan jabrni video, suratga olib, internetga joyladi. Shirin Aytmatovadan norozilar nazarida u otasiga loyiq farzand bo’la olmadi, tarafkashlikka berildi.
“Meni nafaqat otamning qizi, balki avvalo inson sifatida, munosib shaxs sifatida ko’rishadi degan umiddaman. Hozir juda og’ir bir vaziyatdaman, ishlash juda qiyin. Har ikki tomondan tanqidlar bor. Qirg’iz millatchilari meni noxolislikda, ularni yetarlicha himoya qilmayotganlikda ayblaydi. O’zbeklar esa qirg’izlarning yonini olding deb xafa bo’ladi", - deydi u.
"Hozir qilayotgan barcha sa’y-harakatlarim haqiqatan qirg’izlarga yo’naltirilgan, millatchilik yana ham avj olib ketmasligi uchun. Masalan, Melis Mirzakmatov kabi siyosatchilarni bilasiz. Uning so’zlari, o’zbek xalqiga nisbatan qarashlariga mutlaqo qarshiman. Lekin vaziyat juda qaltis va men qirg’iz tomoniga yaqinroq bo’lishim muhim. Shundagina mening so’zlarimga kiradi ular. Tinchlikka da’vatlarimga quloq tutadi. Ularni urushsam, birov men bilan hisoblashmaydi”, - deydi Shirin.
Shirin Qirg’iziston mustaqillik ayyomi munosabati bilan xalqqa maktub yo’llagan. “Shodiyonaga to’la bo’lishi kerak bo’lgan bu kunda, yurtim, Qirg’iziston uchun yum-yum yig’layman. Bolasini o’qishga jo’natishga qo’rqqan, endi o’zbeku qirg’iz farzandlari qanday qilib bir sinfda o’tirar ekan deb siqilgan vatandoshlarimni o’ylab zorlanaman”, deydi u.
“Ahvol og’ir, qo’rqinchli. Odamlar vahimada yashayapti. O’zim ham farzandimni maktabga jo’natishga hayiqqan bo’lar edim, lekin normal hayotga qaytishga majburmiz bir kun kelib. Bolasini maktabga yubormayotgan ota-onalarni tushunaman va ularni tanqid qilmayman”.
Shirin Aytmatova nazarida xorijlik muxbirlar janubdagi voqealarni biryoqlama yoritgan. O’sh va Jalolobodda ikki-uch hafta ishlab, tushunib-tushunmay maqola yozgan. 1990-yilgi va bu yilgi to’qnashuvni eslar ekan, 20 yil oldin chet ellik muxbirlar bunday yog’ilib kelmagan edi, deydi u.
“Har xil jurnalistlar bor. Ba’zilari olovli nuqtalarda ishlaydi. Masalaning detallarini, mayda sabablarini o’rganib o’tirishga vaqti yo’q ularning. Ikki kunga kelib, keyin ketadi, bu yurtda yashamaydi. Ertasiga boshqa davlatdagi konfliktni yoritadi. To’g’ri, bu ularning ishi, qoralash niyatim yo’q aslo”.
Uzoq yillar Qo’shma Shtatlarda yashab o’qigan Shirin Qirg’izistonga qaytganiga ko’p emas, to’rt yil bo’lgan. “Chet ellik muxbirlarni vaziyatni to’liq bilmaslikda tanqid qilasiz, ammo siz janubni yaxshi taniyman, muammolar mohiyatini mukammal tushunaman deb ishonch bilan ayta olasizmi”, deb so’raymiz undan.
“Men uzoq yillar Yevropada, Amerikada yashadim. Lekin har holda qirg’iz farzandiman. Odamlarning menga munosabati, aytayotgan gaplari boshqacha, deylik chet ellik muxbirga bildirgan fikrlardan. O’zimning misolimda vaziyatni ham qirg’iz xalqi nuqtai-nazaridan yoritib turib, shu bilan birga tinchlikni targ’ib qila olish mumkin ekanini ko’rsata olaman degan umiddaman. Farqi shuki, chet ellik jurnalist buni kasb deb ko’radi, men esa vatanim uchun ishlayapman”.
O’sh va Jalol-Oboddagi qirg’in paytida qirg’iz faollar, madaniyat, san’at, adabiyot arboblari nega jim edi? Nega o’zbeklarni himoya qilib chiqmadi hech kim? Bu savolga Shirin Aytmatova yo’l qo’yilgan xatolardan biri shu edi, deydi.
“O’zbek xalqi manfaatlarini himoya qilib chiqqan odamlar bo’lishini xohlardim. Edil Baysalovni ko’rib yuribman. Uning qarashlari juda insoniy, o’zbeklarga xayrixoh, shu xalqning yonini olmoqda. Oddiy xalq orasida o’zbeklarga, ayollar va bolalarga yordam qo’lini cho’zganlar, boshpana berganlar ko’proq edi. Lekin davlat arboblari, fan, san’at kishilari indamay turganidan afsusdaman”.
Istiqlol kuni yo’llagan murojaatida Shirin qirg’iz siyosatchilarning hatti-harakatidan nomus qilaman, deydi. “Qirg’iziston barbod bo’ladi, qirg’in yana takrorlanadi, parlament saylovlari soxta bo’ladi deb hayqirayotgan siyosatchilarning xalq bilan ishi yo’q” deydi Shirin.
“Bilasiz, hozir odamlar qo’rquvda yashayapti, ayniqsa, janubda. Go’yoki tinchday ahvol, lekin aslida beqaror juda. Hozir sahnaga chiqib, har xil millatchi bayonotlarni olg’a surish pichanga o’t qo’yish bilan teng. Mirzakmatov tufayli kechgan namoyish ham bunga misol. Garchi zo’ravonlik ehtimoli baland bo’lsa ham, bizning vazifamiz bu haqda hayqirish emas, tinchlikni saqlab qolish”.
Ayrim fikrlarga ko’ra, o’zbek-qirg’iz adovati, millatchilik haqidagi da’volarni hozir ko’tarmagan ma’qul. Aks holda tinchlik qaror topishi qiyin. Biroq etnik ziddiyat bor va uni ochiq muhokama qilish kerak, deb e’tiroz bildiradiganlar ham bor.
“Hal qilishga, o’zgartirishga kuchimiz yetmagan millatchilik kabi muammolarni hozir muhokama qilish to’g’rimi-yo’qmi, bilmadim. Mening qo’limdan kelgani, madaniyat orqali elatlarni yarashtirish. Hozir nazarimda musiqa, san’at vositasida bir-birimizni yana tinglay boshlashimiz mumkin. Shu hafta O’shga borib, mumtoz musiqa konsertini o’tkazmoqchimiz, Azamat Siddiqov ismli sozanda kuy ijro etadi, AQSh elchixonasi yordamida tashkil qilinadi”.
Yozdagi mojaro paytida AQSh ahli va matbuoti, umuman, g’arb axborot vositalari pinagini buzmadi, deb xafa bo’ladi ba’zilar. "Qirg'iziston haqida bilmaydi hech kim Amerikada. Albatta bu yurt haqida o'ylanib yurgan odamlar topilsa kerak. Amerikaning o'zining siyosiy manfaatlari bor, harbiy bazasi haqida qayg'uradi". Shirin Aytmatova nazarida ikki qardosh xalq bir-birini yana hurmat qila boshlashi, ko'cha-ko'yda ko’z-ko’zga tushganda qayrilib ketmay, gaplasha olishi muhimroq.