Breaking News

Qirg’izistonliklar: Yarashish osonmas, lekin qandaydir murosaga kelish kerak


Iyun oyida qirg’izlar va o’zbeklar o’rtasida ro’y bergan qonli voqealar ketidan Qirg’iziston janubida turli guruhlar yarashish tashabbusi bilan chiqmoqda.

Qirg’iziston janubi, O’sh shahridagi “Oq xizmat” yoshlar birlashmasining yangi loyihasi qirg’iz, o’zbek yoshlarini yarashtirishni ko’zlaydi. Turli muloqotlar, yarashish tadbirlari o’tkazish rejalangan.

Shahar ko’chalarida millatlararo totuvlik mavzusida shior, chaqiriqlar o’rnatamiz, deydi birlashma boshlig’i Sonunbek Junusbayev.

Qirg’izistonda ro’y bergan etnik to’qnashuvlar ortidan mahalliy davlat tizimlari joylarda totuvlik tadbirlari o’tkazgan edi. Bular, asosan, yarashish oshlari va iftorlar bilan cheklangan. Mahalliy kuzatuvchilarning aytishicha, bu amaliyot yuzaki o’tkazilib jiddiy samara bermagan.

Jalol-obodlik qalamkash Daniyar Ergeshev fikricha, yaralar bitmaganini ham esdan chiqarmaslik kerak.

“Yarashtirish ishlarini yurgizish kerak, albatta. Ammo juda ehtiyotkorlik bilan. Sababi bu narsa kimgadir yoqadi, kimgadir yoqmaydi. Bu borada qandaydir strategiya tuzib olish kerak. Eng muhimi yoshlar orasida yarashtirish tadbirlarini kuchaytirish lozim”, - deydi Daniyar Ergeshev.

Qalamkash nazarida turli siyosiy kuchlar va davlat tizimlari yakka manfaatlarni ko’zlamay, vaziyatni barqarorlashtirish va o’zaro ishonchni tiklashga alohida e’tibor qaratishi darkor.

“Hokimiyat yarashtirish ishlariga o’ta ehtiyotlik bilan yondoshishi kerak. Noxush ko’rinishlarga turtki bermaslik darkor. Eng asosiysi hokimiyatdagilarning o’zlari kompromissga, o’zaro kelishimga kelishi lozim. Har xil ambitsiyalarini unutib, kelajakni o’ylash, menimcha, muhim”, - deydi u.

Qanday tadbirlar o’rinli va samarali bo’lar edi, degan savolga hududdagi nodavlat tashkilotlardan biri rahbari Robert Abazbekov:

“Birinchidan, maktablarda kop’roq tushuntirish ishlarini olib borish darkor”, - deydi. “O’quvchilarga tolerantlik, do’stlik, tinchlik haqida darslar o’tish kerak. Ikkinchidan, qirg’iz, o’zbek mahallalarida yarashtirish ishlarini tinimsiz yurgizish lozim. Biz xohlasak ham, xohlamasak ham bir yerda yashaymiz”.

Xalqlarni yarashtirish, tinchlik-totuvlik o’rnatish jarayonida ommaviy axborot vositalari roli alohida ahamiyat kasb etadi. Ammo ayrim mahalliy axborot vositalari yaraga tuz sepish bilan mashg’ul, deydi kuzatuvchilar.

“Pressa bugungi kunda pozitivga o’tishi shart. Masalan, telekanallar ko’proq yaxshi ko’rsatuvlarni efirga uzatishi kerak. Ayrim ommaviy axborot vositalari negadir hozirgacha salbiy ko’rinishlarni tarqatish bilan ovora. Bunday narsadan uzoq bo’lishimiz kerak. Hozirgi sharoitda gazeta, televideniye, radio iloji boricha yaxshilikka yetaklovchi tadbirlarni ko’proq ko’rsatishi darkor deb o’ylayman”, - deydi Daniyar Ergeshev.

Yarashish jarayoni oson o’tmaydi va uzoq vaqt talab etadi deyayotganlar oz emas.

XS
SM
MD
LG