Qirg’iziston Markaziy Osiyoda parlament boshqruviga o’tayotgan ilk respublika. Buni qo’shnilar qanday qabul qilishadi?
Tojikistonlik ziyolilar fikricha parlament boshqruvi ijobiy natija berishi mumkin. Ayrimlar esa bunga xavotir bilan qaraydi.
Qirg’izistondagi parlament saylovi borasida Tojikiston aholisining aksariyati yetarlicha ma’lumotga ega emas. Bu bir tomondan ko’pchilikning kunlik tashvishlar bilan bandligi bilan izohlansa, ikkinchi tomondan ular gazeta o’qimay qo’yishgan.
Tojikiston va O’zbekiston televideniyesi qo’shni davlatdagi bu muhim siyosiy ma’rakaga unchalik e’tibor qaratishmadi. Qirg’izistonga qatnab turuvchilar esa bu boradagi savollarga mikrofonga javob qilishni istashmaydi, og’iz ochishdan cho’shishadi.
Tojik olimi, professor Karim Abdulov Qirg’izistondagi saylovni G’arbga taqlid sifatida baholasa-da, uni revolyutsion o’zgarish deb biladi.
“Dunyoning ko’plab davlatlari parlament institutiga ega. Buni ikkinchi revolyutsiya desak bo’ladi. Bu sistema, ehtimol, G’arb davlatlari ta’siri, taklifi bilan bo’lgandir”, deydi olim.
Huquq, siyosat va tijorat universitetining xalqaro aloqalar va diplomatiya kulliyotida o’qib, qisqa muddat tashqi ishlar vazirligida ishlagan Ilyos Murodzoda fikricha, yigirmadan ortiq partiyalarning saylovda ishtirok etgani Qirg’izistonda demokratiyaning jadal rivojlanganini isbotlaydi.
“Lekin shu bilan birga qo’shnimiz hukumatida idora uslubining juda kuchsizligi bizni xavotirga soladi. Meni nazarimda, parlament saylovida ko’pi bilan 4-5 partiyaning ishtiroki yetarli bo’lardi. Qirg’izistondagi parlament saylovida hukumat uning milliy tarkibiga e’tibor qaratmoqda ekan. Bu bizni quvontiradi, natija yaxshi bo’ladi deb umid qilaman.”
Professor Abdulov “Saylovdan keyingi manzara qanday bo’lishi mumkin?” degan savolga diplomatik javob qiladi.
“Buni hayot o’zi ko’rsatadi. Bu shu mamlakatning davlatchilik qurilishi va rahbariyat, hukumatu-hokimiyatdagilarning o’zi shu davlatni qanday idora qilishlariga juda ham bog’liq”.
Xolavachchalari Qirg’izistonda yashayotgan tojikistonlik bir o’zbek ziyolisining aytishicha, qarindoshlari u yerda “saylovdan keyingi kunlardan xavotir olib yashamoqda. Ular yozdagi voqealardan yurak oldirib qo’yishgan”.
Uning fikricha, qo’shni mamlakatda parlament boshqaruvi uzoqqa bormasligi mumkin. “Men ularga ishonmay qo’yganman. Hamma yoqda mafiya boshchilik qiladi”, -deydi u.
Jurnalist Ne’matullo Mirsaidov Qirg’izistonda davlatning parlament boshqaruviga o’tishini yuqori baholasa-da, hali unga to’la ishonmaydi.
“Demokratiyaning rivojlanishida qandaydir istiqbollarga ega yagona mamlakat bugun Qirg’izistondir. Bu imkoniyatdir. Lekin bu imkoniyatdan foydalana biladilarmi, men hali bilmayman. Nimaga? Chunki u yerda urug’-aymoqchilik qarshiligi qattiq ketmoqda. Hali Bakiyev tarafdorlarining imkoniyatlari saqlanib qolmoqda. Endi ular yangi parlament orqali kurashni davom ettiradilar. Ulardan go’yoki hokimiyatni tortib oldilar. Ammo siyosiy kurash uchun imkoniyat ham ochib berdilar”.
Mirsaidovning aytishicha, siyosiy kurash bir tomondan tabiiy demokratik jarayon, ikkinchi tarafdan bunday zo’riqish ichki vaziyatni taranglashtirishi mumkin.
“Demokratiyaga prezidentlik yoki parlament boshqaruvi bilan baho berish hech to’g’ri kelmaydi, mumkin ham emas. Ko’ngildagidek prezident boshqaruvida yaxshigina demokratik jamiyat qurish mumkin. Noma’qul parlament boshqarivida esa avtoritar hokimiyat tug’ilishi mumkin. Shuning uchun qandaydir so’zlar iborasi bilan lo’ttibozlik qilish to’g’ri emas. Qirg’iziston misolida, nazarimda, ana shunday puxta o’ylangan siyosiy o’yin o’ynalayotgandek ko’rinadi. Endi Qirg’izistondan har narsani kutsa bo’ladi”, - deydi tahlilchi.
Mamlakatdagi parlament boshqaruvining qo’shni davlatlarga ta’siri bo’ladimi, degan savolga olim Karim Abdulov qat’iyan rad javobini beradi.
“Yo’q. Mening fikrimcha yo’q. Chunki har bir davlat o’z konstitutsiyasiga ega. O’z qonun-qoidalari, o’z siyosatiga ega. Davlat siyosatida bunaqa andoza olishlar bo’lmaydi”.