Breaking News

Qirg'izistonda besh partiya koalitsion hukumat tuzadi


Bishkekda saylov komissiyasi xodimlari ovoz berish varaqalarini ko'zdan kechirmoqda
Bishkekda saylov komissiyasi xodimlari ovoz berish varaqalarini ko'zdan kechirmoqda

Qirg’izistonda kecha o’tgan parlament saylovlari Markaziy Osiyoda siyosiy jihatdan eng beqaror bu o’lkaga tinchlik va xotirjamlik olib keladi degan umid bor.

Saylovni yaqindan qo’llab quvvatlagan Qo’shma Shtatlar nazarida Qirg’izistonning parlament boshqaruviga o’tayotgani butun mintaqa uchun namuna bo’lishi mumkin. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti ham saylovni yuqori baholamoqda.

Qirg’izistonda rahbarlar qo’zg’olonlar orqali yangilanishiga bir necha bor guvoh bo’lganmiz, lekin bu safar fuqarolar hokimiyat ularning ovozi bilan o’zgaradi degan niyatda.

Yakkahokimlik keng tarqalgan Markaziy Osiyoda Qirg’iziston o’ziga xos demokratik tajribani davom ettirmoqda. Jarayon bu xalqqa juda qimmatga tushmoqda, lekin Bishkekdan muxbirimiz Jim Brukning xabar berishicha, odamlar orasida kelajakka ishonch so’nmagan. Janubda, iyun oyida qirg’inni boshdan kechirgan o’zbek aholining rahbarlardan xafsalasi pir bo’lgan, ammo ular ham tinchlikdan umidbor.

Kechagi saylovlarda 29 partiya parlamentdagi 120 o’rin uchun kurashdi.

Qirg'izistonda besh partiya koalitsion hukumat tuzadi
Qirg'izistonda besh partiya koalitsion hukumat tuzadi

“Ota Yurt”, Sotsial Demokratik Partiya, “Or-Nomus”, “Respublika" va “Ota Makon” sotsialistik partiyalari eng ko’p ovoz olgani haqida ma’lumotlar bor.

Koalitsiya tuzilib, ular yangi bosh vazir tanlashi kutilmoqda.

Muvaqqat prezident Roza Otunbayeva siyosiy kelishmovchiliklarga o’rin yo’q deydi.

“Barqaror hukumat vujudga kelishiga ishonaman”,- deydi u.

“Amerika Ovozi” Roza Otunbayevadan o’zbeklar va boshqa ozchilikdagi elatlarning saylovdagi hissasi haqida so’raganida, prezident har bir partiyada ularning vakillari bor, shu jumladan nomzodlar orasida ham, deya qayd etdi. Janub aholisi, deydi u, saylovda faol qatnashdi.

Jarayon mamlakat bo’ylab tinch o’tdi, xususan O’sh va Jalol-Obodda ham. Hisoblarga ko’ra, Qirg’izistonda ovoz berish huquqiga ega 2,8 million fuqarodan 55 foizi saylovga chiqqan.

Qirg'izistonda besh partiya koalitsion hukumat tuzadi
Qirg'izistonda besh partiya koalitsion hukumat tuzadi

Saylov-ku o’tdi, deydi odamlar, lekin hayot kundan kunga og’irlashib bormoqda. Tirikchilik chatoq. Bu davlatga millionlab dollar qarz berib kelayotgan Xalqaro Valyuta Jamg’armasining bildirishicha, Qirg’izistonda iqtisodiy o’sish deyarli kuzatilmaydi. Bu yil iqtisodiyot 3,5 foizga qisqaradi, deydi mutaxassislar.

Uzunligi deyarli bir metr keladigan saylov varaqasini to’ldirish oson bo’lmadi, deydi qirg’izlar. Partiya yetakchilari esa xalq ko’ngliga yo’l topish ilinjida turli yangi nomlar tanlagan: “Burgut”, “Adolat”, “Quruvchilar” yoki “Saxiy Insonlar”.

Rossiyaga moyil “Ar-Namus” partiyasi boshida sobiq bosh vazir Felik Qulov turibdi. Saylovoldi kampaniyasida uning Rossiya prezidenti bilan yonma yon turgan rasmlari har yerda osildi. Ruscha so’zlab, ruscha fikrlaydigan bu siyosatchi qirg’iz bo’lmagan fuqarolar orasida hurmat bilan tilga olinadi.

23 yoshli mana bu rus qiz o’zini Anastasia Borozdina deb tanishtiradi. Qulov, uning fikricha, Qirg’izistonda etnik xilma-xillikni himoya qilishga, uni saqlab qolishga bel bog’lagan.

“Bu juda muhim, chunki Qirg’izistonda ruslar va o’zbeklar juda ko’p”,- deydi u.

Aprel oyida Kurmanbek Bakiyev prezidentlikdan olinganida rozi va norozi bo’lgan siyosatchilar parlamentda endi yonma yon o’tirsa ajabmas, deydi prezident Roza Otunbayeva.

22 yoshli Aynura Sultanbayeva yangi parlament tinchlik garovi deyishga hali erta deydi.

Qirg'izistonda besh partiya koalitsion hukumat tuzadi
Qirg'izistonda besh partiya koalitsion hukumat tuzadi

"Yurtimizdagi doimiy muammo shuki, bizda haqiqiy, yagona rahbar yo’q. Mayli yomon bo’lsa ham bir rahbar kerak, juda bo’lmaganda chetdan sarmoya olib kirish uchun harakat qiladi. Qirg’izistonda hamma o’zini lider deb biladi”,- deya noliydi bu talaba.

AQSh hukumati saylovlar tinch va demokratik me’yorlarga o’tishini ta’minlash uchun 5 million dollar ajratdi. Vashington Qirg’izistonni muvaffaqqiyatli saylov bilan qutlamoqda.

Yangi hukumat vujudga kelgach, Manas tranzit markazi kelajagi haqida gap ochilishi mumkin. Amerika rasmiylarining aytishicha, Vashington muzokaraga tayyor. Baza ahamiyatidan qat’iy nazar, deydi ular, AQSh Qirg’izistonning barcha fuqarolariga, shu jumladan o’zbeklarga yordamni ayamaydi.

XS
SM
MD
LG