Breaking News

AQSh-Qirg'iziston o'rtasida yoqilg'iga doir kontraktlar shaffofligi shubha ostida


Bishkek yaqinidagi "Manas" tranzit markazi
Bishkek yaqinidagi "Manas" tranzit markazi

"Vashington Post" gazetasidagi maqolada Afg'onistonda xizmat qilayotgan samolyotlar uchun yonilg'i sotib olishga doir shartnomalar va bu ish bilan shug'ullanuvchi kompaniyalar faoliyati tahlil qilingan.

Qirg'izistonda aprel oyida prezident Qurmanbek Bakiyev hokimiyatdan ag'darilgach, muvaqqat hukumat AQShni Bakiyev rejimi bilan harbiy samolyotlar uchun yoqilg'i kontraktlari borasida pinhona ish qilib, korrupsiyaga hissa qo'shganlikda ayblagan. AQSh Kongressi va Qirg'iziston hukumati bu ishni tergov qilgan. Amerika matbuoti ham kalavaning uchini topish harakatida.

Qirg'iziston poytaxti Bishkek yaqinida joylashgan "Manas" harbiy aerodromi 2001-yilda AQSh Afg'onistonda Tolibonga qarshi harbiy harakatlarni boshlaganidan beri tranzit markazi bo'lib xizmat qiladi. Koalitsiya kuchlari "Manas" bazasi orqali Afg'onistonga kirib-chiqib turadi. Bundan tashqari, AQSh va NATO samolyotlari yoqilg'ini asosan "Manas" da quyadi. Buning uchun har oyda 38 million litr kerak. Aviakerosin uchun pulni Pentagon to'laydi, ta'minot bilan esa AQSh Mudofaa vazirligi bilan kontrakt asosida ish qiluvchi xususiy kompaniyalar shug'ullanadi.

Kuzatuvchilarga ko'ra, bu kompaniyalar Askar Akayev prezidentligi davrida uning yaqinlari, 2005-yilda hokimiyatga Qurmanbek Bakiyev kelgach esa, uning oilasini boqib kelgan, kontraktlardan mo'maygina pul ishlangan.

Shi yil aprelida Roza Otunbayeva boshliq muvaqqat hukumat hokimiyatga kelib, kerosin ta'minoti bilan bog'liq o'tmish kontraktlar qing'ir deya, AQShga shikoyat qilgan. Ba'zi qirg'iz siyosatchilari Amerika kuchlarini "Manas" bazasidan haydash kerak, deb chiqdi. Mavzu xalqaro va AQSh matbuoti diqqat markaziga tushib, Amerika Kongressi so'nggi olti oy davomida bu ishni taftish qilib keldi. Shu oy to'liq hisobot chop etiladi.

"Vashington Post" gazetasi mavzuni keng yoritib, o'z tekshiruvlari natijalarini bayon qilgan. Maqolada aytishicha, AQSh samolyotlarini yoqilg'i bilan ta'minlashga doir kontraktlarni Pentagondan ikki kompaniya olgan. "Mina" va "Red Star". Ikkisining ham egalari bir. Amerikalik Duglas Edelman va uning qirg'izistonlik hamkori Erkin Bekbolotov.

"Vashington Post"ga ko'ra, "Red Star" kerosinni sisternada emas, quvur orqali bazaga yetkazish tizimini taklif qilgan yagona kompaniya bo'lgani uchun Pentagon u bilan ishlashni afzal topdi.

"Red Star" boshqaruvchisi - AQSh armiyasida 27 yil, asosan razvedkada xizmat qilib, podpolkovnik unvonida iste'foga chiqqan Chak Skvayrz. "Ishimizni halol qilganmiz" deya korrupsiya va maxfiy faoliyat bilan bog'liq barcha ayblovlarni inkor etadi.

O'tgan yili Pentagon yonilg'i ta'minotchisini qidirib tender uyushtirganida, "Mina" uni yutib chiqqan edi. Kompaniya 2010-yilda 380 million litr aviayoqilg'i bilan ta'minlash majburiyatini olgan. Bunday hajmdagi biznes bilan shug'ullanadigan kompaniya hajmi ham yirik bo'lishi kerak, degan xayol bilan "Vashington Post" uning idorasi bilan bog'lanishga kirishadi-yu, topa olmaydi. "Mina" va "Red Star" Gibraltar, London va Torontoda ro'yxatdan o'tganiga qaramay, hech bir manzilda haqiqiy kompaniya yo'qligi ayon bo'ladi.

"Vashington Post" 2003-yildan beri AQSh samolyotlarini yonilg'i bilan ta'minlaydigan idora va rahbarlarini topish amri mahol ekanini aytib, kompaniya yurituvchilaridan biri Erkin Bekbolotovga murojaat etganida, u gazetani Dubayga yo'llaydi, ammo Birlashgan Arab Amirliklarida ko'rsatilgan manzilda eshikni ochgan ayol "Mina"ga ishlamasligini va bunday kompaniya haqida umuman bilmasligini aytadi.

Roza Otunbayeva Pentagondan xususiy firmalar bilan ishlashni bas qilib, Qirg'iziston davlat kompaniyalari bilan biznes yuritish talabini qo'yadi. Rasmiy Bishkek tomonidan bu ishni tergov qilish uchun Amerikada yollangan huquqshunoslarning aytishicha, avvaliga tergov ishi bilan hamkorlikka rozi bo'lgan Mudofaa vazirligi tez orada guruh bilan aloqani to'xtatadi.

"Vashington Post"ga ko'ra, "Red Star" kompaniyasi 2004-yilda AQShning Afg'onistondagi "Bagram" aviabazasini ham yoqilg'i bilan ta'minlashga doir kontraktni qo'lga kiritadi. Kerosin Rossiyadan keltiriladi.

Qirg'iziston muvaqqat hukumatining da'vo qilishicha, Rossiyaga eksport tovonini to'lamaslik maqsadida Bakiyev rejimi yoqilg'i sotuv uchun emas, Qirg'iziston ichki ehtiyojlari uchun sotib olinmoqda degan hujjat rasmiylashtirgan. Biroq kerosin Afg'onistonga yuboriladi, deb yozadi "Vashington Post". Bundan xabar topgan rasmiy Moskva Qirg'izistonni yonilg'i bilan imtiyozli ravishda ta'minlash amaliyotiga chek qo'yadi.

"Mina" va "Red Star" Akayev va Bakiyev oilalariga bevosita aloqador bo'lmasa-da, ular qo'li ostidagi kompaniyalar bilan ish qilgan, xizmatlari va iltifotlar evaziga ularning og'zini moylab turgan, deydi ba'zilar.

Shuncha shovqin-surov, tekshiruvlar, shubhali biznes faoliyatga qaramay, "Vashington Post"ning ma'lum qilishicha, Pentagon bu kompaniyalar bilan aloqani uzmoqchi emas. Yangi kontraktga tender e'lon qilingan. Shu oy kontraktor nomi ayon bo'ladi. "Mina" asosiy da'vogarlardan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG