Breaking News

Roza Otunbayeva – Markaziy Osiyoning ilk ayol prezidenti


Qirg’iziston muvaqqat rahbari Roza Otunbayeva bugun Bishkekda o’tgan tantanali marosimda prezident sifatida qasamyod keltirdi.

Markaziy Osiyoning ilk ayol rahbari sifatida rasman ish boshlar ekan, Qirg’izistonni demokratik tamoyillar qadrlanuvchi yangi davrga olib kirishga, qonli kunlarni boshdan kechirgan mamlakatni birlashtirishga va’da bermoqda.

“Yangi hukumat mamlakatdagi barcha siyosiy guruhlar bilan samimiy muloqotga, plyuralizm, matbuot erkinligi va fuqaro huquqlarini ta’minlashga tayyor”, - deydi Otunbayeva.

O’tgan hafta referendumda qatnashganlarning 90 foizi ma’qullagan yangi konstitutsiyaga ko’ra, endi prezidentning asosiy vakolatlari parlamentga o’tadi. Roza Otunbayeva respublikani 2011 yilning oxirigacha boshqaradi.

“Qirg’izistonda qonun ustuvorligiga asoslangan yangicha siyosiy madaniyatni shakllantirish uchun jonimni ham ayamayman”.

Roza Otunbayeva inaguratsion nutqida janubdagi voqealarga ham to’xtalib, O’sh va Jaloloboddagi fojiada “qora kuchlar”ni ayblagan.

“Ko’plab begunoh insonlarning qoni to’kildi. Va’da beramanki, Qirg’iziston hukumati fojia oqibatlarini tez fursatda bartaraf etish uchun barcha chorani ko’radi. Uy-joyidan ayrilgan fuqarolarimizni albatta boshpana bilan ta’minlaymiz”, deydi prezident.

Otunbayevaning rasman davlat rahbari lavozimiga kirishishi muvaqqat hukumat uchun katta burilish deb ko’rilmoqda. Hukumat a’zolari ishdan bo’shab, parlament saylovlariga hozirlik ko’rishini aytmoqda. Saylov shu yil 10 oktyabrda o’tadi.

XS
SM
MD
LG