Breaking News

Xalqaro tekshiruv o’tkazilmas ekan, tahdid saqlanib qolaveradi


Qirg’iziston ahli o’tgan hafta parlament respublikasi uchun ovoz berdi. Oktyabrda parlament saylovlari belgilangan.

Etnik qirg’inlarni boshdan kechirgan o’zbeklar hayoti yangicha boshqaruv ostida qanday kechishi noma’lum. Xunrezlik takrorlanmaydi deb hech kim kafolat berayotgani yo’q.

Sharhlovchilarga ko’ra xalqaro miqyosdagi tekshiruv qirg’in bo’yicha aniq xulosa chiqarmas ekan, tahdid saqlanib qolaveradi. Ayni paytda O’zbekiston va Qirg’iziston aloqalari qanday rivojlanishiga ham muhim ahamiyat qaratilmoqda.

Nafrat o'tini yoqayotgan tintuvlar

So’nggi xabarlarga ko’ra Qirg’izistonda kuzatilgan qirg’inda o’zbeklarni aybdor qilish kampaniyasi boshlangan. Qurol-aslaha, giyohvand moddalarni saqlash, millatlararo nizo qo’zg’ash aybi bilan hibsga olingan odamlar soni bir necha yuz kishidan oshgan. Qamoqqa olinganlar orasida siyosiy yetakchilar, huquq himoyachilari, jurnalistlar bor.

O’zbek aholiga tazyiq Qirg’iziston parlament saylovlariga tayyorgarlik ko’rayotgan bir paytda davom etmoqda. Qirg’iziston o’zbeklari yangi konstitutsiyani qo’llashgan, parlament respublikasiga umid bilan qarashayotgan edi.

O’zbek jamoalari tintuvga tutilgan bugungi sharoitda ularning saylovda biror siyosiy ovozga ega bo’lishi shubhali ko’riladi.

“Vaziyat keskin qolmoqda, muammolar yechilmagan, hali davom etadi. Lekin o’ylashimcha hozirgi vaziyatda o’zbek madaniy markazlari faollashishi kerak. Hozirgi og’ir paytda siyosiy partiya darajasida bo’lmasa ham, milliy markaz sifatida o’z manfaatlarini, og’ir ahvolni ko’rsata bilishlari kerak”, - deydi siyosiy sharhlovchi Farxod Tolipov.

Yarashib olishga imkon bering

Faollarga ko’ra hozirgacha Qirg’izistonda bir-biridan ajralib yashayotgan aholini birlikka chaqirish, tushuntirish ishlarini yuritish uchun biror amaliy choralar ko’rilayotgani yo’q. Parlament saylovlari bu borada biror hissa qo’shishi gumon.

“Biz Qir’gizistonda o’tgan oldingi saylovlarga guvohmiz. O’shda 70 foizga yaqin o’zbeklar yashaydigan bo’lsa, ular o’z deputatini saylashi kerak. Bunday bo’lmasligi uchun nima qilishadi? O’zbeklar gavjum yashaydigan joylarda saylovchilar ovozi turli uchastkalarga bo’lib tashlanadi. Shunday qilib qirg’iz parlamentida bitta yoki ikkita o’zbek deputati nomigagaina olinishi mumkin. O’zbeklar o’z uyida tartib bo’lishi uchun parlament tizimni qo’llab-quvvatlayapti, lekin hammasi buni qanday ijro etilishiga bog’liq”, - deydi jurnalist Yoqubjon Xo’jamberdiyev.

Muvaqqat hukumat rahbari Roza Otunbayevani lavozimga saylanishi bilan tabriklagan O’zbekiston prezidenti qirg’iz xalqi muammoni bartaraf eta olishiga ishonch bildirgan. Islom Karimov mazkur tabrigida O’sh va Jaloloboddagi qirg’in yuzasidan xalqaro ekspertlar ishtirokida tergov o’tkazilishiga ham umid bildiradi.

Tergovni uchinchi bir tomon olib borishi kerak

Tergov zaruriyati ko’plab xalqaro tashkilotlar hamda Qirg’iziston va O’zbekistondagi jamoatchilik vakillari tomonidan ham qo’llab-quvvatlanmoqda. O’zbekistonda bo’lib qochqinlar bilan tanishgan AQSh rasmiylari qotillik va zo’rliklar yuzasidan ishonchni oqlaydigan xalqaro tashkilot tomonidan tergov o’tkazish zaruriyatini ilgari surishdi.

Janubdagi qirg’in O’zganda yuz bergan zo’ravonliklarning 20 yilligiga to’g’ri keldi. Yuzdan oshiq qurbonlar berilgan O’zgan fojealarida asosan sobiq ittifoq KGBsini qo’li ko’rilsada, bu fojea tashkilotchisi kimligi hozirgacha rasman tasdiqlanmagan.

“Nega fojealar yana takrorlanayapti? Nega yana o’zbeklar qirg’in qilinmoqda? Ularning nima aybi bor? Aybi 1936 yillarda Moskva O’shni O’zbekistondan olib Qirg’izistonga berganidami? O’zbeklarda boshqa qanday ayb bor”, - deydi adabiyotshunos Baxtiyor Isabek.

Qonli to’qnashuvlar takrorlanmasligiga kafolat yo’q. Xalqaro miqyosda tergov o’tkazilmas ekan, bu tahdid saqlanib qolaveradi.

“Bu xurezliklarni takrorlanmasligiga kafolat bo’lishi uchun mening nazarimda xalqaro taftish komissiyasi qirg’inlarni o’rganishi, kimlar aybdorligini aniq ko’rsatib berishi kerak. Bu narsaga xalqaro sud yuridik jihatdan, siyosiy jihatdan o’z bahosini berishi kerak”, - deydi jurnalist Yoqubjon Xo’jamberdiyev.

Ayb o'zbeklarga qo'yilishi ehtimoli bor

Hozircha Qirg’iziston prokuraturasi mingga yaqin jinoiy ish qo’zg’atgani ma’lum. Zo’ravonliklarda O’zbekiston Islom Harakati bilan til biriktirgan Bakiyevchilar ayblanmoqda. Biroq bu ayblov shubha bilan qabul qilinmoqda.

O’shda, Jalolobodda o’zbeklar ustidan boshlangan ommaviy tintuvlar xavotirli. Faollarga ko’ra qirg’iz prokuraturasi aybni qirg’inga uchragan o’zbeklar tomon ag’darishi ehtimoli yaqin.

“Qirg’iz tomoni tergov olib borayapti, lekin aybni o’zbeklarga ag’darishi aniq. Shuning uchun ham mas’uliyatni sezgan odamlar faqat xalqaro darajadagi tergovni talab qilishmoqda”, - deydi Xo’jamberdiyev.

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra qurbonlar soni 300 kishiga yaqinlashgan. Prokuratura hibsga olinganlarni, shuningdek o’lganlarning ism-shariflarini oshkor etayotgani yo’q.

Norasmiy ma’lumotlarga ko’ra esa O’sh va Jalolobodda ikki mingdan ortiq kishi qurbon bo’lgan. Qochqinlar qurbonlar bir qadar ko’pligi, o’ldirilgan odamlar izsiz, biliqsiz ko’mib yuborilganini ham gapirishadi.

Odamlar yoppasiga o'ldirilishi qanaqasiga "ichki ish" bo'lsin?

O’zbekiston qotilliklar avjga chiqqan bir paytda minglab qochqinlarni qabul qildi, biroq bevosita qirg’inda o’layotgan o’zbeklarni qutqarish uchun hech narsa qilmadi.

“O’zbekiston qochqinlarni qabul qilib katta savob ish qildi, lekin bunday yordam bilan Qirg’izistondagi muammolarni yechib bo’lmaydi. Bu vaqtinchalik keskinlikni to’xtatib turishga hissa qo’shdik, xolos. Axir biz bilamiz, shunday mojaro 20 yil avval, aynan iyun oyida yuz bergan edi. Ehtimol kimdir buni bizga eslatmoqchidir, yana o’zbeklar qirg’in barot qilindi”, - deydi Farxod Tolipov.

Islom Karimov bu Qir’gizistonning ichki ishi ekanini aytgan. Qirg’iziston tomoni esa O’zbekiston aralashmagani uchun rasmiy Toshkentga minnatdorchilik bildirgan.

Sharhlovchilarga ko’ra mintaqa davlatlari o’rtasida bu tartibdagi aloqalar o’rnatilishi muammoga yechim bo’la olmaydi.

“Biz buyuk davlatlarni o’zimizga strategik sherik deb atashga o’rganganmiz, masalan Rossiyani, Xitoyni, AQShni. Nega o’z qo’shnilarimizni strategik sherik deya olmaymiz? Birodar, ildizimiz, dinimiz, tilimiz bir, mozorimiz, bozorimiz bir deymiz, lekin nega siyosiy tilda bizni sherigimiz deb ayta olmaymiz. Faqat shunday strategik aloqalar o’rnatilgan taqdirdagina hozirgi kabi qirg’inlarni oldini olish mumkin bo’ladi. Uzoqdagi davlatlarga yordam so’rab murojaat qilishga hojat qolmaydi”, - deydi siyosiy sharhlovchi Farxod Tolipov.

Faollarning aytishicha, bundan 20 yil avval yuz bergan o’zbek-qirg’iz nizosini barataraf etish uchun O’zbekiston tomonidan ham, Qirg’iziston tomonidan ham ziyolilar faol ishtirok etgan. O’shdagi qirg’inni barataraf etishda esa ziyolilarning bunday o’rni haqida gapirish qiyin.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG