Breaking News

O'zbeklar adolat talab qilmoqda, qirg'iz siyosatchisi murosaga chaqirmoqda


O'zbeklar adolat talab qilmoqda, qirg'iz siyosatchisi murosaga chaqirmoqda
O'zbeklar adolat talab qilmoqda, qirg'iz siyosatchisi murosaga chaqirmoqda

Sobiq deputat Baktibek Beshimov mustaqil tergov o'tkazilib, xunrezlikka aloqadorlar jazoga tortilishi kerak, deydi. Shundagina murosaga yo'l ochiladi.

Qirg'iziston janubidagi xunrezlikdan O'zbekistonga qochib, qochqinlar lagerida boshpana topgan o'zbeklar o'tgan hafta vataniga qaytib ketgan edi. Rasmiy Bishkek oldidagi eng dolzarb masala - vayron bo'lganlar uylarni tiklab, jabrlanganlarga moddiy va ruhiy yordam berish.

O'tgan yakshanba kuni Qirg'izistonda yangi konstitutsiya bo'yicha referendum o'tgan edi. Rasmiy Bishkek nuqtai nazaridan bu juda ham muhim tadbir bo'lgan. Birinchidan, referendum boshqaruv tizimini prezidentlikdan parlamentga o'tkazdi, ikkinchidan esa qonuniy asossiz hokimiyatni boshqarayotgan muvaqqat hukumatga qonuniy maqom berdi. Biroq referendum ishonchli o'tishi va xalqaro maydonda tan olinishi uchun xunrezliklarni boshdan kechirgan o'zbek millatiga mansub fuqarolarning unda ishtirok etishi Roza Otunbayeva hukumati uchun juda muhim edi.

O'zbekiston sharqidagi qochqinlar lagerida bo'lgan odamlarning aytishicha, referendumdan bir necha kun oldin qirg'iz hukumati vakillari lagerga kelib, ularni vataniga qaytishga da'vat etgan hamda xavfsizlik va e'tibor va'da qilgan. Biroq keyinchalik ma'lum bo'lishicha, Otunbayeva hukumati va'dasining ustidan chiqmagan.

Ortga qaytgan qochqinlar na oziq-ovqat va na boshpana bilan ta'minlangan. Ba'zi odamlar zarar ko'rmagan hududlarda yashovchi yaqinlarinikiga ko'chgan bo'lsa, boshqalar, deya ta'riflaydi Assoshieytid Press axborot agentligi muxbiri, molxonada tunashga majbur bo'lgan.

Qirg'izistonga yuborilgan insonparvarlik yordamining o'zbek aholisiga yetib bormagani kamlik qilganday, Qirg'iziston milliy xavfsizlik xizmati o'zbek uylarini tintuv qilib, mahalliy faollarni hibsga olmoqda, o'zbeklarning o'zini zo'ravonliklarga aloqador qilib ko'rsatishga harakat qilmoqda.

O'sh va Jaloloboddan kelayotgan maktublarga qaraganda qirg'iz maxsus kuchlari o'zbek jamoasi rahbarlari uyiga diniy adabiyot, o'q-dori, giyohvand moddalar tashlab, ularni qonli voqealar tashkilotchilari sifatida ko'rsatmoqchi.

Amerikalik siyosatshunos Erik Makglinchining aytishicha, Qirg'izistonning hozirgi holati respublikada davlatchilik tushkunlikka kelganidan dalolatdir.

"Agar davlat tushunchasiga qaraydigan bo'lsak, bu yaxlit kuchning belgilangan hudud ustidan to'liq nazoratni o'rnata bilishi demakdir, biroq iyun voqealari Qirg'izistonda hukumat kuchlari mamlakat sarhadi ustidan to'liq nazoratga ega emasligini ko'rsatibi turibdi. Bu esa qonli voqealar yana takrorlanishi mumkin degan xulosaga yetaklaydi", - deydi olim.

Qirg'izistonlik siyosatchi, sobiq deputat Baktibek Beshimov nazarida jinoiy elementlar hukumat tizimiga shu qadar singib ketganki, ba'zi rasmiylar qo'li ostida markaziy hukumatga bo'ysunmaydigan harbiy bo'linmalar bor. Masalan, o'zbeklar qirg'iniga bevosita aloqadorlikda gumon qilinayotgan O'sh viloyat hokimi Melis Mirzakmatov.

Bu kabi siyosatchilar qo'lida hokimiyat bor ekan, deydi kuzatuvchilar, Qirg'izistonga na referendum va na parlament tizimi yordam bera oladi, iyun voqealari esa takrorlanishi mumkin. Dolzarb masalalardan yana biri, deydi Beshimov, aholini murosaga keltirish.

"Buning eng yaxshi yo'li shuki, qirg'iz va o'zbeklardan tuzilgan tinchlik guruhlari gumanitar yordamni tarqatishda, uylarni qurishda, O'sh va Jalolobodni tiklashga qaratilgan loyihalarni tuzishda hamkorlikda ish qilishlari kerak. Qirg'izlar respublikadagi ko'p sonli millat vakili sifatida alohida mas'uliyatni his etishi kerak".

Militsiya va armiya harakatlari jilovlanmas ekan, ishonch tiklanmaydi, deydi qirg'iz siyosatchisi.

"Mahalliy darajada ham, xalqaro darajada ham tergov o'tkazilishi kerak. Kimki xunrezlikni rejalagan, uni amalga oshirgan bo'lsa, barchasini jazolash lozim. Kim bo'lishidan qat'iy nazar. Militsiya xodimi bo'ladimi, harbiymi yoki siyosatchimi, ahamiyati yo'q. Aks holda qonun toptalgan bo'ladi", - deydi Baktibek Beshimov.

Uning aytishicha, ayni damda vayron bo'lgan uylarni tiklash bo'yicha agentlik tuzilgan bo'lib, unga o'zbek jamoasi vakillari ham kiritilishi lozim.

Bugun Jahon bankining maxsus guruhi Qirg'izistonga yo'l olmoqda. Janubdagi vaziyatni va ehtiyojlarni o'rganib, yordam dasturini taklif qiladi.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG