Breaking News

Kurmanbek Bakiyev umrbod qamoq jazosiga mahkum etildi


Bakiyev hukumatdan ag'darilganidan keyin, Jalol-Oboddagi matbuot anjumanida. 13-aprel, 2010-yil.
Bakiyev hukumatdan ag'darilganidan keyin, Jalol-Oboddagi matbuot anjumanida. 13-aprel, 2010-yil.

Qirg'izistonning sobiq prezidenti, 2010-yilgi inqilob davrida hokimiyatdan ag'darilgan Kurmanbek Bakiyevga sirtdan hukm o'qilib, umrbod qamoq jazosiga hukm etildi.

U namoyishlarning hukumat kuchlari tomonidan zo'ravonlik bilan bostirilishi oqibatida halok bo'lgan 77 kishining o'limida aybdor deb topilgan.

Qirg'iziston Oliy sudi 25-iyul kuni chiqargan hukmda Bakiyev namoyishlarni kuch bilan bostirishga buyruq bergan shaxs sifatida tilga olingan.

Namoyishlar kuchayishi oqibatida hokimiyatdan ag'darilgach, Bakiyev mamlakatdan qochib ketgan edi. U hozir siyosiy muhojir sifatida Belarusda yashaydi.

Bakiyev va unga aloqador 21 kishi ustidan qo'zg'atilgan sud ishi to'rt yil davom etgan. Ayblanuvchilarning oltitasiga hukm sirtdan o'qilgan. Umrbod qamoq jazosiga tortilganlar orasida Kurmanbek Bakiyevning ukasi Janibek Bakiyev ham bor.

Janibek Bakiyev akasining prezidentligi davrida Davlat xavfsizlik xizmati rahbari bo'lgan. Ayni paytda uning ham Belarusda yashashi aytiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG