Qirg’iziston o’zining noyob tabiati, yashil to’g-o’rmonlari, iliq ko’llari bilan ma’lum va mashhur. Ayni paytda mahalliy kuzatuvchilar ushbu ne’matlarga putur yetayotganidan tashvish bildiradi. Atrof-muhitni asrash borasida o’lkada xalqaro hamjamiyat ko’magida qator loyihalar amalga oshirilayotir. Ammo qilinayotgan ishlar mutaxassislarni qoniqtirmaydi.
G’afurjon Rahmonaliyevning asli kasbi shifokor. Yoshligidan dorivor o’simliklar terish, o’stirish bilan shug’ullanadi. Ko’p yillar u noyob tabiati bilan mashhur tog’li Arslonbob qishloq okrugini boshqargan.
G'afurjonning aytishicha, keyingi o’n yilliklarda bu joylardagi to’qay va yong’oqzorlar maydoni sezilarli darajada qisqargan. Tog’ o’rmonlari haqida amalda qayg’uradigan, biron real ish qiladigan tashkilotlardan esa darak yo’q hisob.
“Bir paytlar Arslonbob o’rmonlarida kamida 250 tur dorivor o’simlik bo’lar edi. Hozir yuzga ham yetmaydi. Uy hayvonlari o’simligu-nihollarni yeb, tepalab tashlamoqda. Noyob daraxtlarni mahalliy aholi pinhona yoki ochiqdan-ochiq o’tin, qurilish materiali sifatida ishlatayotgan hollar ko’p”, - deydi G’afurjon aka.
“Bunday ahvolga chek qo’yish uchun tog’ qishloqlari aholisiga maishiy shart-sharoit yaratish lozim - ko’mir, gaz, elektr quvvati ta’minotini yo’lga qo’yish, mini suv elektr stansiyalari, muqobil energiya vositalarini ishga solmoq darkor. Mo’l-qo’y boqishni tartibga solish zarur”, - deydi u.
Qirg’iiston Milliy Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti, taniqli ekolog-olim Biymirza Tokto’raliyev ham aynan tog’ o’rmonlarini saqlab qolish hamda tiklash, tog’-kon sanoati faoliyatini atrof-muhitni avaylash nuqtai-nazaridan tartibga solish, energetika manbalaridan oqilona foydalanish masalalarini eng ustivor vazifalar, deb hisoblaydi. Ayni paytda suhbatdosh dolzarb yo’nalishlarda ilmiy muassalar hamda ishlab chiqarish o’rtasida tig’iz aloqalar yo’qligidan tashvish bildiradi.
“Hamma gap moliyaga borib taqaladi. Mablag’ yetishmagach, ilm-fan muassasalaridan nima talab qilish mumkin?”, - deydi olim.
Ekolog-olim Biymirza Tokto’raliyevning aytishicha, atrof-muhitni asrash masalalarida Qirg’iziston mutasaddi idoralari Norvegiya, Fransiya hamda Qozog’iston tashkilotlari bilan ancha samarali hamkorlik qilmoqda.
“Ayni paytda mintaqaviy hamkorlik faol, deyish qiyin. Aytaylik, besh Markaziy Osiyo respublikasi yagona muvofiqlashtirish kengashi tuzsalar, ma’lumot, tajriba bilan bo’lishsalar, maslahatlashgan holda ish olib borsalar, maqsadga muvofiq bo’lar edi”, - deydi olim.
Suhbatdoshga ko’ra, Fanlar akademiyasi hukumatga murojaat qilib, xalq xo’jaligida amalga oshirilayotgan va oshirilajak barcha yirik loyihalarni ushbu ilmiy muassasa tasdig’idan o’tkazish tartibini joriy etishni taklif qilmoqda.
Qirg’iiston Milliy Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti ta’biricha, aynan qat’iy tartib va nazorat yo’qligi bois tabiatni asrash maqsadida chet el tashkilotlari ajratayotgan mablag’ning salmoqli qismi havoga sovurilmoqda, kimlarningdir cho’ntagini to’ldirmoqda.
Arslonboblik shifokor, tabobat ilmi bilimdoni G’afurjon Rahmonaliyev fikricha, mintaqa o’lkalari tabiatni asrab-avaylash, yashil boylikni saqlash va undan samarali foydalanish borasida bir-biridan o’rganadigan jihatlar yo’q emas. Masalan, qo’shni O’zbekiston va Tojikistonda yap-yaydoq qir-adirlar bog’-rog’larga aylantirilmoqda.
“Olis xorij mamlakatlari hamda xalqaro tashkilotlar ko’magiga kelsak, men o’zim shohidman - turli loyihalarni amalga oshirish, o’qitish-o’rgatish, qay bir yo’nalishlarda amaliy ishlar qilish borasida ular ulkan mablag’ sarflamoqda. Hamma gap o’zimizning sustligimizda. Odamlarimiz, jamiyatimiz faolroq, mas’uliyatliroq bo’lishi lozim”, - deya xulosa qiladi G’afurjon Rahmonaliyev.