AQSh Mudofaa vazirligining bildirishicha, Qirg’izistondagi bazada harbiy samolyotlarga yonilg’i quyish vaqtincha to’xtatilgan. NATO samolyotlari hozircha Manasdan benzin olmay turadi.
Ikki davlat rasmiylari yonilg’i bahosi haqida muzokara qilmoqda, deydi Pentagon so’zlovchisi Brayan Vitman. Biroq Manas bazasida, Afg’onistondagi harbiy operatsiyalar uchun muhim ta’minot nuqtasida, boshqa kundalik faoliyat – harbiy qatnovi, qurol-aslaha jo’natish davom etmoqda.
Sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev o’tgan yili bazani yopishini aytib, ogohlantirgan, natijada Qo’shma Shtatlar ijara haqida uch karraga oshirgan edi. Avval bu raqam yiliga 17 million bo’lsa, hozir 63 million dollarni tashkil etadi.
Bakiyev hukumatdan ketgach, muvaqqat rahbariyat Manas ijara muddatini bir yilga uzaytirishga qaror qilgan. Qo’shma Shtatlar bu bazadan 2001 yil dekabridan beri foydalanib keladi. Uning amaldagi arenda muhlati shu yil iyulida tugaydi.
Qirg’iziston sudi gumoniga ko’ra, Bakiyevning o’g’li Maksimga qarashli kompaniyalar Manasda yonilg’i savdosi bilan shug’ullangan va 80 million dollar soliq to’lashdan bo’yin tovlagan.
Tahlilchilar nazarida Qo’shma Shtatlar baza qolishini ko’zlab, bu kirdikorlarga ko’z yumgan bo’lishi mumkin. Obama ma’muriyati Manas faoliyatiga oydinlik kiritishga va’da bermoqda.