Qirg’iziston Rossiyaga berilgan harbiy baza ijarasi haqini to’rt karra oshirishi mumkin.
Mudofaa vaziri Abdulla Xudoyberdiyevning aytishicha, Rossiya 1993 yilgi bitim asosida hozir yiliga 4,5 million dollar to’laydi.
Vazir fikricha Qirg’iziston tobora ko'tarilib borayotgan inflyatsiya darajasini inobatga olib, ko'proq haq so'rashi kerak.
Rossiya Kant harbiy havo bazasi va yana ikki harbiy binoni arendaga olgan.
Kant bazasi Markaziy Osiyo davlatlari a’zo Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti uchun muhim tayanch nuqtasi sanaladi.
Kant havo bazasi Bishkekdan 20 kilometr narida joylashgan bo'lib, Sovet davridan qolgan harbiy inshootlardan biri. 1992 yilda u Qirg'iziston hukumati nazoratiga o'tgan. Rossiya u yerda 2003 yildan beri o'z kuchlariga ega.
Qirg’izistonda shuningdek AQShning harbiy bazasi bor. Manas tranzit punkti Afg’onistondagi xalqaro koalitsiya uchun muhim inshootdir.