Breaking News

AQSh sobiq senatori fikricha, Qirg’iziston hali ham Markaziy Osiyoda erkinlik namunasi bo’lishi mumkin


Amerikada ko’zga ko’ringan arboblardan biri, sobiq senator Tom Deshl yaqinda, avgust o'rtalarida Qirg’izistonga safar qilib, u yerdagi ahvol bilan tanishgan. “Qirg’izistonda kechayotgan voqealar Amerikada ko’p yoritilmaydi”, deydi u.

Bu davlat haqida gap ketganda ham, mavzu doimo Afg’onistondagi urushga bog’lanib ketadi. Tom Deshl fikricha, diktaturalar hukmron Markaziy Osiyoda Qirg’iziston erkinlik namunasi bo’lishi mumkin. AQSh va xalqaro hamjamiyat uni bu yo’lda qo’llab-quvvatlashi lozim.

“Afg’oniston biqinidagi demokratiya” sarlavhali maqolasida, sobiq senator Qirg’izistondagi bugungi manzara, saylovlar va yurt kelajagi haqida mulohaza yuritadi.

Amerikada region bilan shug’ullanuvchi mutaxassislardan so’rasangiz, deydi Tom Deshl, sizga Qirg’iziston birinchi navbatda AQSh bazasiga mezbon davlat sifatida ahamiyatli ekanini eslatishadi.

Manas aerodromi Afg’onistonda jang qilayotgan Amerika askarlari uchun muhim tranzit nuqtasi. U orqali minglab qo’shin olib o’tiladi. Keng tarqalgan qarash shuki, Bakiyev davrida Manas ijarasi hal qilingan masala edi, hozir esa baza taqdiri noma’lum.

Qurmanbek Bakiyev prezidentlikdan ketgach, hokimiyatga kelgan muxolifat nazoratni qo’lga ololmayapti. Zaif hukumat iyun oyidagi qirg’inni to’xtata olmadi. Janubdagi rahbarlar o’ziga xon bo’lib qolgan.

Yaqinlashayotgan saylovlar nima olib kelishi noma’lum. Xullas, Amerika rahbariyatiga Bakiyev bilan ishlash osonroq edi, degan xulosaga keladi kishi.

“Vashington Post” gazetasida yozgan maqolasida, Tom Deshl, AQSh Demokratik Instituti vitse-prezidenti deydiki, Qirg’iziston nafaqat Amerikaga afg’on urushida sherik, balki mintaqada demokratik potensiali eng yuqori davlat ekanini ham unutmaslik kerak.

Respublika hozir tarixiy chorrahada, burilish yoqasida turibdi. Roza Otunbayeva demokratiya ravnaqi yo’lida aniq qadamlar tashlashga ulgurdi: muvaqqat rahbarlarning vakolati cheklangan, yangi konstitutsiya bo’yicha referendum o’tkazildi, oldinda esa Qirg’iziston kelajagini hal qiluvchi saylovlar.

Sobiq senator nazarida Qirg’izistonni bu mashaqqatli davrda qo’llab-quvvatlash AQSh va xalqaro jamoatchilikning burchi. “Qirg’izistonga safarim davomida Bishkek va janubda rahbarlar va oddiy fuqarolar bilan suhbatlashdim”, deydi Tom Deshl.

“Ular mamlakatda tartib bo’lsin, Qirg’iziston barqaror bir jamiyatga aylansin, rahbarlar xalqqa g’amxo’rlik qilsin deydi”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG