Qirg’iziston rahbari Almazbek Atambayev ommaviy axborot vositalaridagi vaziyat borasida bayonot berdi. Prezident apparatining matbuot xizmati tarqatgan ushbu nomada aytilishicha, keyingi paytlarda so’z erkinligi shiorlari ostida bir guruh jurnalistlar, matbuot vositalari hamda siyosatchilar davlat rahbari sha’niga yolg’on-yashiq hamda bo’hton to’qimoqda. Bayonotga ko’ra, zikr qilingan guruh joriy yil kuzda o’tadigan prezident saylovlari arafasida o’lkada vaziyatni beqarorlashtirishni maqsad qilgan.
Avvalroq Qirg’iziston Bosh prokurori “Zano’za” deb atalmish mahalliy axborot sayti hamda “Ozodlik” radiosining qirg’iz xizmatini prezident obro’siga putur yetkazishda ayblab sudga bergan va yetkazilgan ma’naviy ziyon uchun biridan 6 million, ikkinchisidan 20 million qirg’iz so’mi undirib olishni so’ragan edi.
Prezident firqasi, deyilmish Qirg’iziston Sotsial-demokratlar partiyasi "24 kg" axborot agentligi va unda chiqish qilgan Jamoatchilik fikrini tahlil qilish instituti rahbari Rita Qarasartovani partiya sha’niga dog’ tushirishga urinishda ayblab, har biridan bir million so’m undirishni talab qilgan.
“Amerika ovozi” mahalliy mutaxassislarning shu haqdagi fikr-mulohazalarini o’rgandi.
Tahlilci Jalil Saparov ko’p yillar mustaqil nashrlar hamda nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik qilib kelgan. Hozirda Jalolobod shahar meriyasi tasarrufidagi ro’znomaning bosh muharriri. Uning fikricha, ommaviy axborot vositalari ustidan tushayotgan arz-da’volarga aksar hollarda qalam ahlining kasbiy tamoyillardan chetga chiqishi sabab bo’lmoqda.
“Bir tomonlama izoh berish qiyin. Lekin, nazarimda, davlat idoralari mustaqil matbuot organlariga bosim o’tkaza boshlashini istisno qilib bo’lmaydi. Afsuski, ayrim qalamkashlar o’zlari jurnalistika standartlariga rioya qilmay, arz-dodlarga sabab bo’lishayapti”, - deydi Jalil Saparov.
Bishkekdagi “Golos svobodi” nomli portal rahbari Abdumo’min Mamaraimovning aytishicha, prezident bayonoti qay bir ma’noda Qirg’izistondagi hozirgi siyosiy ahvolni aks ettiradi.
“Prezidentning bayonotida jurnalistlarning burchi aholiga xolis, to’g’ri, dalillangan ma’lumot yetkazish ekani ta’kidlangan. Ayni paytda, aynan shu tariqa faoliyat yuritishga harakat qilayotgan ahborot vositalari ustidan mahkamalarda arz-da’volar yotibdi. Muammo shundaki, vaziyatga davogar tomonlar va javobgar taraflar turli-nuqtai nazardan yondashmoqda”, deydi Abdumo’min Mamaraimov.
Suhbatdoshning aytishicha, Qirg’iziston matbuotida bir tomonlama tasavvur uyg’otuvchi, gij-gijlovchi maqolalar va eshittirishlar keyingi yillarda ancha keng tarqalgan. Ko’rinish borasida maxsus tadqiqotlar o’tkazilgan. Yuqori davlat idoralariga bu borada chora-tadbir ko’rish tavsiya etilgan. Ammo bu murojaatlar bee’tibor qolgan.
“Nazarimda, matbuot vositalari - haqiqatga xilof ravishdami yoki doiradan chiqmagan holdami - hokimiyatga til tekkiza boshlagach, davlat idoralari ularga nisbatan keskin chora ko’ra boshladi”, - deydi u.
Kuzatuvchilar so’nggi paytlarda Qirg’izistonda jamiyatning siyosatga qiziqishi ancha pasayganini ta’kidlaydi. Nodavlat tashkilotlar faoliyati ham sustlashgan.
“Lekin qirg’iz jamiyatining erkinlikga, oshkoralikga bo’lgan ishtiyoqi kuchli. Va o’ylaymanki, o’lkada so’z erkinligi hamda demokratik qadriyatlar har qanday sinovlardan o’ta oladi”, - deydi Bishkekdagi “Golos svobodi” portali rahbari Abdumo’min Mamaraimov.
O’sh viloyat jurnalistlar kasaba uyushmasining raisasi Jildiz Bekbo’yevaning aytishicha, Qirg’izistonda jurnalistlar turli siyosiy kuchlarning buyurtmasini bajarib, ularning qo’lida bir qurol vazifasini o’tamoqda. Oqibatda o’zlari bu holatning qurboniga aylanmoqda.
“Matbuotdan xolis ma’lumot talab qilar ekanmiz, buning uchun jurnalistlarga obyektiv ma’lumot olish va uni tarqatish uchun tegishli shart-sharoit yaratib berish kerak”, - deydi Jildiz Bekbo’yeva.
Suhbatdoshning ta’kidlashicha, fikrlar xilma-xilligi, axborot maydonida bahs-tortishuvlar demokratik jamiyat uchun tabiiy jarayon va bundan xavotirlanish, yomonlik kutishga hojat yo’q. Asosiysi - munozaralarda qonun doirasidan chiqmaslik.