“Ozodlik” radiosining qirg’iz xizmati, Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni o’rganish markazi hamda Kloop.kg hamkorlikda olib borgan taftish xulosasiga ko’ra, besh yilda Qirg’izistondan noqonuniy yo’llar bilan kamida 700 million dollar olib chiqilgan.
Bu haqda jurnalistlarga xitoylik uyg’ur tadbirkor Ayerkin Saymaiti ma’lum qilgan. Uning o’zi 10-noyabr kuni Istanbuldagi kafeda otib o’ldirilgan.
O’limidan bir necha oy oldin Saymaiti muxbirlarga bank qog’ozlari, bank o’tkazmalariga doir cheklar, naqd pul qabul qilish qog’ozlari va boshqa hujjatlarni bergan.
Ulardan ma’lum bo’lishicha, 55 yashar xitoylik uyg’ur tadbirkor Habibulla Abduqodir ochgan “Abu Saxiy” (ba’zi ma’lumotlarga ko’ra, O’zbekiston sobiq prezidenti Islom Karimovning kichik qizi Lola Karimova va uning turmush o’rtog’i Timur Tillayev 2018-yilgacha nazorat qilgan Toshkentdagi “Abu-Saxiy” bozori ham Habibulla Abduqodir ismi bilan bog’liq) transport kompaniyasi Xitoydan Qirg’izistonga keltirilgan mollar uchun hujjat va yo’llanma varaqalarini o’zgartirib, yukni go’yoki Qirg’izistonniki qilib ko’rsatib, uni Rossiya va Qozog’istonga tashigan.
Shunda qirg’iz tovarlariga aylangan Xitoy mollari Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi hududiga bojdan xoli ravishda kirgan. Ba’zida esa hujjatlarda arzonroq bo’lgan mato ko’rsatilib, aslida tashqi bozorlarga uyali telefonlar jo’natilgan.
Ayerkin Saymaiti Habibulla Abduqodir bilan ishlab, uning hamkori bo’lganini, biznesdan tushgan pullarni chetga chiqarishda yordam berganini tan olgan. Besh yillik hamkorlikdan so’ng Saymaitining Abduqodir bilan munosabati yomonlashib, 2017-yilda Turkiyaga qochishga majbur bo’ladi.
Saymaitiga ko’ra, yukni Qirg’izistonga olib kirib, mamlakatdan chiqarishda muammo bo’lmasligi uchun, tovarlarni deklaratsiyalashtirmaslik hamda yukni soxtalashtirish holatlariga chegarada ko’z yumishlari uchun, “Abu Saxiy”ga qarashli yuk mashinalarining tekshiruvdan tez va muammosiz o’tishi uchun Abduqodir va uning odamlari qirg’iz rasmiylariga pora berib turgan. Bu ishlarga esa Qirg’iziston Bojxona xizmati raisining sobiq o’rinbosari Raimbek Matraimovning mas’ul bo’lgani da’vo qilinadi. Saymaiti Matraimovning pullarini ham chetga chiqarganini aytgan.
Taftishni olib borgan jurnalistlar va faollar Ayerkin Saymaiti bergan ma’lumotlarni rasmiylar, savdogarlar, tadbirkorlar bilan suhbatlarda tasdiqlatib olgan.
Saymaitining aytishicha, “Abu Saxiy” yuk mashinalari bir oyda o’rtacha 600 marotaba Xitoyning Shinjon viloyatidan Qirg’izistonga, undan nari esa O’zbekiston, Qozog’iston va Rossiyaga qatnagan. Haydovchilardan biriga ko’ra, Qirg’iziston chegarasida har bir yuk mashinasi uchun 4600 dollargacha pora berilgan.
Surishtiruv davomida Raimbek Matraimovning rafiqasi va Habibulla Abduqodirga tegishli bir shirkatning Dubayda umumiy biznesi borligi, Uulkan Turg’unova bu shaharda 10 million dollarlik ikkita yer uchastkasi, taxminan 2,5 million dollarga teng kvartira sotib olgani aniqlandi.
Ayerkin Saymaiti Turkiya fuqaroligini olishidan besh kun oldin otib ketildi. U jurnalistlarga qo’lidagi barcha dalillar va hujjatlarni topshirishi kutilgan edi.
Qirg’izistonda “Raim-million” laqabini olgan sobiq rasmiy bu ishga aloqadorligini inkor etarkan, aybsizligini isbotlashga va’da berdi.
Facebook Forum