Breaking News

Markaziy Osiyo davlatlari yaqinlashuviga nima to’sqinlik qilayapti?


Qirg’iziston prezidenti Almazbek Atambayev yaqinda bergan bayonotida mintaqaviy hamkorliksiz jahonning biron bir joyida xavfsizlikni ta’minlash mushkul, deb aytgan edi. Markaziy Osiyoda bu borada hamkorlik qay darajada? Qanday yo’nalish va imkoniyatlardan foydalanish maqsadga muvofiq?

Markaziy Osiyo davlatlari yaqinlashuviga nima to'sqinlik qilayapti?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:31 0:00
Yuklab oling

Region bo’yicha mutaxassis, olim va tadqiqotchi Alisher Hamidovning aytishicha, buning uchun davlatlar muloqotni, dialogni qo’llab-quvvatlashi kerak.

“Dialog orqali barcha muammolarni yechish mumkin. Xavfsizlik masalalari ko’proq chegaralar, diniy ekstremizm va resurslar taqchilligiga borib taqaladi va bu o’rinda muloqotda nafaqat davlat rahbariyati, balki joylardagi arboblar, nodavlat tashkilotlar qatnashishi joiz”, - deydi u.

O’shlik tahlilchi, xavfsizlik masalalarini o’rgangan Imonberdi Jalilovning aytishicha ham aynan mintaqaviy hamkorlik va bordi-keldini yo’lga qo’yish iqtisodiy masalalar, chegara bahslari, millatlararo tortishuvlar kabi muammolarni yechishda muhim rol o’ynaydi.

“Regional yaqinlik birinchi navbatda chegara masalalarini yechishda yordam beradi. Bu o’rinda qardosh millatlar, tili bir, dini bir, madaniyati yaqin xalqlar yashayotgani alohida ahamiyat kasb etadi”, - deydi tahlilchi.

Suhbatdosh nazarida mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashda Markaziy Osiyo o’lkalarining aksari Mustaqil davlatlar hamdo’stligi, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti kabi uyushmalarga a’zo bo’lgani ham ijobiy rol o’ynaydi.

Azaldan savdo-sotiq va iqtisodiy hamkorlik do’stlik va ahillik, demakki, xavfsizlik asosi, deb aytiladi. Bu o’rinda Markaziy Osiyo mamlakatlari, tahlilchilarga ko’ra, katta potensialga ega va an’anaviy iqtisodiy aloqalarni tiklash asosiy vazifalardan biri bo’lib qolmoqda.

Tahlilchi Imonberdi Jalilov so’zlariga ko’ra, ayrim qit’alardagi birlashuv, integratsiya, hamkorlik harakatlari diqqat va namunaga sazovor.

“Turmush va vaziyat talabini to’g’ri tushungan o’lkalar yagona pul birligini kiritmoqda, yagona bozor tuzmoqda, chegaralarini ochmoqda. Masalan, Yevropa Ittifoqi. Bizlar esa rostini aytganda, mustaqillikni bahona qilib, demokratiyani bahona qilib milliy, mintaqaviy rishtalarimizni hisobga olmayapmiz”, - deydi suhbatdosh.

Alisher Hamidov fikricha, mintaqa o’lkalarining turli sohalarda hamkorlikka xohish mavjud. Ammo to’siqlar va moddiy ko’makning yo’qligi halaqit bermoqda.

Jamiyatda va umuman mintaqada do’stlik, ahillikni ta’minlshda islom dinining potensiali kattaligi inkor qilinmaydi. Ayni paytda bu o’rinda matbuotda din imkoniyatlaridan samarali foydalana olinmayotgani aytilmoqda.

“Birinchi navbatda islom dinining vakillari, qolaversa, oddiy odamlar ham o’zlari bir-biri bilan muloqot qilishlari kerak. O’z muammolarini to’liq tushunishlari lozim. Yana bir tarafi – rahbarlar ming din yaxshi degani bilan, dindorlarga ishonchsizlik seziladi. Ularni nazorat qilish harakatlari bor. Davlat bilan din o’rtasida muloqotni kuchaytirish darkor. Undan keyin mintaqaviy muammolarni yechishda davlat din vakillarini qo’rqmasdan jalb qilishi lozim”, - deydi tadqiqotchi Hamidov.

Kuzatuvchilar fikricha, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda birinchi navbatda siyosiy iroda va xayrihohlik darkor. Shunda jamiyatning turli tabaqalari ham an’anaviy qardoshlik aloqalarini tiklash, demakki o’zaro ishonch va xavfsizlikni barqaror qilishga astoydil hissa qo’shadi, deydi aksar suhbatdoshlar.
XS
SM
MD
LG