Breaking News

Rasmiy Bishkek Jalol-Oboddagi g'alayonni tinch yo'l bilan hal qilmoqchi


Jeti Og'uz, Qirg'iziston janubi
Jeti Og'uz, Qirg'iziston janubi
Qirg’izistonning Jalol-Obod viloyatida norozilik chiqishi qatnashchilari strategik ahamiyatga molik Bishkek - O’sh avtomobil yo’lini to’sib olgan. Kecha ular Milliy xavfsizlik qo’mitasining idorasiga kirishga uringan. Avvalroq namoyishchilar Jalol-Obod viloyati ma’muriyati binosini bir muddat ushlab turgan edi.

Ushbu chiqishlar shimolda joylashgan Jeti-Og’uz tumanidagi namoyishlar ortidan boshlangan, asosiy talab o’tgan yili jazoga tortilgan deputatlarni ozod qilish va Qumtor oltin koni bo’yicha xorijiy sarmoyadorlar bilan tuzilgan shartnomani qayta ko’rib chiqish.

Qirg'iziston janubida yana namoyishlar/Ulug'bek Sokin
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:47 0:00
Yuklab oling

Kechadan buyon namoyishchilar shahardan nariroqda joylashgan Barpi qishlog’ida yig’ilgan. Ular mamlakatning janubi va shimolini bir-biriga bog’lovchi avtomobil yo’lini yopib qo’ygan. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, yo’lning ikki tarafida mingga yaqin mashina to’planib qolgan.

Norozilik aksiyasi muxolifatdagi “Ota Yurt”, “Butun Qirg’iziston”, “Egemen Qirg’iziston” siyosiy partiyalari tarafidan uyushtirilgani aytiladi.

Mahalliy kuzatuvchi, Jalol-Oboddagi ommaviy axborot vositalari markazi xodimi Daniyar Ergeshovning aytishicha, bugun shaharda vaziyat ancha tinch.

“Bozorlar, do’konlar ishlamoqda. Namoyishchilar Barpi qishlog’iga ko’chganday ko’rinadi. Avtomobil yo’li ochilganicha yo’q. Asosiy talab, avvalgiday, Tashiyevni ozod qilish. Shimoldagi chiqishlar bu yerdagi ayrim guruhlarni ruhlantirgan”, - deydi Ergeshov.

Bugun Qirg’iziston prezidenti Almazbek Atambayev huquq-tartibot tizimlari rahbarlari bilan o’tkazgan kengashda respublikadagi vaziyatni muhokama qilgan. Jalol-Obod viloyatidagi tartibsizliklar haqida gapirar ekan, namoyishchilarga qarshi hozircha kuch ishlatish nojoizligini aytgan.

Ayni paytda bunday aksiyalar o'tkazishga fuqarolar haqli. Shu bilan birga, mamlakat iqisodiyotiga ziyon yetgani ta’kidlanadi. Prezidentning aytishicha, aybdorlar jazoga tortiladi. Atambayev, shuningdek, namoyishchilar bilan muzokara olib borish uchun Jalol-Obodga yuqori martabali mulozimlar yuborgan.

“Menimcha, davlat tizimlari shoshmaslikka qaror qilgan", - deydi kuzatuvchi Daniyar Ergeshov.

"Ular 2005-2010-yilgi voqealardan cho’chib qolgan. Va ahvolni chigallashtirmaslikka urinmoqda. Nazarimda hukumat iloji boricha masalani tinch yo’l bilan yechishga harakat qiladi”, - deydi u.

Deputat Qamchibek Tashiyev tarafdorlari Jalol-Obod shahri va qo’shni Suzoq tumanida sakkiz oydan buyon tez-tez namoyish o’tkazmoqda. Mahalliy tahlilchilar bunday chiqishlarni muxolifatning davlat tizimlariga bosimi sifatida baholaydi. Ayni paytda oddiy aholi siyosiy beqarorlikdan charchagan.

O’z navbatida prezident Atambayev ko’ngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida davlat tizimlari va o’zini-o’zi boshqaruvchi idoralarni iqtisodiy-ijtimoiy masalalarni yechishda faolroq bo’lishga undagan. Ayni paytda mamlakat rahbari noqonuniy harakatlar uchun jazo olish prinsipi izchil ta’minlanishi zarurligini ta’kidlagan.
XS
SM
MD
LG