Qirg’iz Respublikasining Xavfsizlik kengashi o’lkada yo’l xavfsizligini oshirish choralari borasida qaror qabul qildi. Unda yo’l nazorati tarmog’ini avtomatlashtirish, ko’chalarning ahvolini yaxshilash, aholi orasida tushuntirish ishlarini takomillashtirish zarurligi aytiladi.
Avvalroq Prezident Almazbek Atambayev mamlakat parlamentiga murojaat qilib, qonunlarga tegishli o’zgartirishlar kiritishni so’ragan edi. Davlat rahbari tunda yo’lovchi tashishni man etish taklifini olg’a surdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, avtomobil yo’llarida baxtsiz hodisalar bo’yicha Qirg’iziston mintaqada old o’rinni egallab keladi. O’tgan yil halokatlar oqibatida 938 nafar fuqaro jon taslim qilgan, to’qqiz mingga yaqin odam tan jarohati olgan. Bolalar orasida qurbonlar o’ttiz uch foizga ko’paygan.
“Amerika Ovozi” yo’l harakati ishtirokchilari hamda mutaxassislarning fikr-mulohazalarini yozib oldi.
Rasmiy xabarga ko’ra, 2-avgust kuni Bishkek - Baliqchi trassasida o’zbekistonlik bolalar raqs guruhi tushgan kichik avtobus va yengil avtoulov to’qnashib ketgan. To’qqiz odam, jumladan, olti nafar bolakay jarohat oldi. 1-avgustda esa Bishkek - Cho’lponota avtomobil yo’lida yuz bergan halokatda uch kishi jon taslim qilgan, besh odam jarohatlangan. Avvalroq Bishkek - O’sh avtomobil yo’lida ro’y bergan mudhish halokat 8 nafar inson yostig'ini quritgan edi.
Mahalliy axborot vositalari kunda-kunora yo’llardagi talafotlar haqida so’z yuritadi. Mamlakat Xavfsizlik kengasi tegishli idoralardan zarur choralar ko’rishni talab qilmoqda.
Taalaybek va Qanatbek Janubiy Qirg’izistondan poytaxt Bishkekka mikroavtobus haydaydi. Ularning aytishicha, ko’p hollarda halokatga ruldagi shaxsning uquvsizligi sabab bo’lmoqda. Suhbatdoshlarning aytishicha, haydovchi guvohnomasini o’qib-o’rganmay sotib olish Qirg’izistonda odat tusiga kirgan. Poraga mukkasidan ketgan yo’l nazorati xizmatchilari esa qoidabuzarlik hollariga barmoq ostidan qaraydi.
Mahalliy haydovchilar davlat rahbarining tunda odam tashishni cheklash taklifiga qo’shilmaydi. Ularning fikricha, avtoy’ollarning ahvoli yaxshilansa, tartib tiklansa bas.
Avtomobil xo’jaligi bo’yicha mutaxassis Abdurasul Samatov qoidabuzarlik uchun javobgarlikni kuchaytirish tarafdori. Uningcha, qonunlarga o’zgartirish kiritish bilan ish bitmaydi. Muhimi nizomlarni amalda qo’llash, ijro etish.
Rasmiy ma’lumotlarga binoan, jabrlanganlarning deyarli 60 foizi piyoda yo’lovchilardan iborat. Abdurasul Samatov fikricha, yo’l harakatining barcha ishtirokchilari mas’uliyatini oshirish darkor. Mutaxassislar butun mamlakat miqyosida yo’l harakati madaniyatini ko’tarishga urg’u berish lozimligini ta’kidlaydi.
Prezident Atambayev an’anaviy yozgi matbuot anjumanida mamlakat parlamenti bu dolzarb masalani sentabr oyida ko’rib chiqishiga umid bildirdi.
Facebook Forum