Breaking News

Qirg’izistonda davlat imtihonlari endi faqat qirg’iz va rus tillarida


Joriy yildan e’tiboran Qirg’iziston maktablari bitiruvchilari uchun umumrespublika test sinovlari faqat davlat tili bo’lmish qirg’iz tili hamda rasmiy til, ya’ni rus tilidagina o’tkaziladi.

Qirg’izistonda imtihonlar endi faqat qirg’iz va rus tillarida/Muhiddin Zarif
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:54 0:00

Janubdagi o’zbek maktablari uchun bu kutilgan hol, chunki ikki yildan beri tayyorgarlik ketayotgan edi. 2002-yildan beri sinovlar qirg’iz, rus hamda o’zbek tillarida o’tkazilar edi.

O’shdagi o’zbek maktablari bitiruvchilari oliygoh va o’rta maxsus o’quv yurtlariga kirish imkonini beruvchi umumrespublika test sinovlaridan qirg’iz yoki rus tillarida o’tishga hozirlik ko’rmoqda.

“Shifokor bo’lmoqchiman. Test imtihonidan rus tilida o’tmoqchiman. To’garaklarga qatnashib, hozirlik ko’rayapman”, - deydi Shahnoza ismli qiz.

Munojot ingliz tili mutaxassisi bo’lishni orzu qiladi. Testlarni u qirg’iz tilida topshirmoqchi. Maktabda qirg’iz tilini yaxshigina o’zlashtirgan, qo’shimcha darslarga ham qatnamoqchi.

Umumrespublika test imtihonlari o’lka o’rta o’quv yurtlari uchun 2002-yilda kiritilgan bo’lib, qirg’iz, rus hamda o’zbek tillarida o’tkazilib kelingan. Joriy yil mazkur amaliyotni faqat qirg’iz hamda rus tillirida olib borishga qaror qilindi. Boshqa tillarda faoliyat yurituvchi maktablarning bitiruvchilari zikr qilingan tillardan birini tanlashi mumkin.

Mahalliy tahlilchilarning aytishicha, davlat tilining hayotga, jumladan boshqa tillarda faoliyat ko’rsatuvchi maktablar turmushiga keng tatbiq etilishi tabiiy hol.

O’sh viloyat Novqat tumanidagi maktab-gimnaziya direktori Komiljon Eminovning aytishicha, bu yil ushbu o’quv yurti bitiruvchilari o’zlarini sinash maqsadida mahalliy sinov testlaridan aynan qirg’iz yoki rus tillarida o’tishgan. Natija yomon emas.

Ushbu tuman maktablaridan biri qoshida test sinovlariga tayyorgarlik masalalarida yordam berish maqsadida maxsus markaz tashkil etilgan bo’lib, bu joyda boshqa maktab o’quvchilari va ota-onalar ham o’zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishi mumkin.

“Biroq bolalarga qo’shimcha darslar, ayniqsa uslubiy yordam kerak”, - deydi Eminov.

Maktablardan birining ota-onalar qo’mitasi raisi Abdulboqi Tolipov fikricha, davlat maktablarida hanuz til o’rgatish masalasiga yetarli e’tibor berilmayotir. Suhbatdosh nazarida, test sinovlari o’tkaziladigan tillar bo’yicha saboqlarni ko’paytirib, shuningdek, maktablar qoshida bepul tayyorlov kurslari ochilsa, ayni muddao bo’lar edi.

Abdulboqi Tolipov aytishicha, asosiy masala - maktablarda berilayotgan ta’lim sifati. Suhbatdosh kuzatuvlariga ko’ra, yuqori sinflarda ta’lim sifati pasaygani ko’zga tashlanadi. Bu hol yakuniy natija - test sinovlariga ta’sir qilmay qolmaydi.

“Aynan yuqori sinf muallimlari malakasini oshirishga urg’u berish darkor”, deb hisoblaydi ota-onalar qo’mitasi raisi.

Tolipov bolalar yoshligidan davlat tilini mukammal o’rganishi maqsadga muvofiqligini ta’kidlab keladi.

“Yangi avlod nafaqat ona tili va davlat tili, balki boshqa tillar, ayniqsa jahon tillarini yaxshi bilishi lozim”, - deydi u.

O’sh shahar maktablaridan biri direktori Manzura Aslanova ham ko’ptillilik tarafdori.

“O’zbek maktablarida ayrim fanlar bo’yicha darslarni qirg’iz tilida o’tkazishni kiritgan bo’lardim. Toki bolalar davlat tilini chuqurroq o’rgansin. Qolaversa, rus, ingliz tillariga ko’proq ahamiyat beraylik. Farzandlarimiz turli tillarda bilim olib, yuqori cho’qqilarni egallashga qodir. Faqat bunga ishonishimiz va harakat darkor”, - deydi Aslanova.

Aytish joizki, Qirg’izistonda umumrespublika test sinovlari odatda may oyi oxirida o’tkazilib, natijalari maktabni bitirish kunlari e’lon qilinadi.

XS
SM
MD
LG