Qirg’iziston parlamentining so'nggi majlislaridan birida yoshlarga doir qonun loyihasi muhokama qilingan, bu boradagi siyosat ko'rib chiqilgan edi.
Yangi avlod jamiyatning asosiy qismini tashkil qilar ekan, Qirg’izistonda davlatning yoshlarga nisbatan siyosati qay ahvolda va qanday bo’lgani ma’qul?
Mustaqillik yillari ikki bor inqilob, behisob norozilik chiqishlari-yu, talash-tortishlarni boshdan kechirgan Qirg’iziston ahli yoshlar salohiyati, dunyoqarashi hamda orzu-umidlari haqida yetarli tasavvurga ega, deyish mumkin.
Yangi avlod o’z o’y-fikrlari, taklif-mulohazalari va talablarini baralla aytib kelgan. Bir necha yil muqaddam yoshlar ishlari bo’yicha alohida vazirlik ta’sis etilgani bejiz emas.
Yoshlar orasidan chiqqan arbob, O’sh shahar kengashi deputati Dilmurod Eshonov fikricha, davlat yangi avlodga diqqat-e’tiborni kuchaytirmoqda.
“Yoshlar olib borayotgan ishlar meni qoniqtiradi. Faqat saylovlarda birovlar qo’lida qurol bo’lib qolish hollari meni cho’chitadi. Yoshlarimizda vatanparvarlik, millatparvarlik hissi ildiz otgan. Bu yaxshi ko’rinish, qachonki ushbu tuyg’ulardan to’g’ri foydalanilsa”, - deydi yosh arbob.
Suhbatdoshga ko’ra, hozirda har xil radikal oqimlar Qirg’iziston yoshlari aqlini ovlashga urinmoqda. Va bu o’rinda oldini olish, keng tushuntirish ishlari joiz.
Mustaqillik yillari mobaynida Qirg’izistonda yuz bergan har ikki inqilobda yoshlar faol qatnashgani ma’lum. Turli norozilik chiqishlarida ham ular ko’pchilikni tashkil qilib kelgan. Bot-bot davlat ishlari va mamlakat hayotining turli jabhalarida yoshlar o’z o’rniga ega bo’lishi lozimligini urg’ulashgan.
Deputat Dilmurod Eshonovning aytishicha, hozirda shahar merining uch nafar muovini yoshlardan bo’lib, ular g’ayrat-shijoat, bilimdonlik ko’rsatmoqda. Suhbatdosh nazarida boshqaruv tizimlarida yoshlarning munosib o’rinlarni egallashi, masalan, korrupsiyani cheklaydi.
Qalamkash Ahmadjon Mahamadjonov fikricha, Qirg’izistonda alohida Yoshlar ishlari bo’ycha vazirlik tuzilgani va yoshlar siyosati xususida qonun lozimligi haqida so’zlar hozircha o’lkada yoshlar bilan shug’ullanish strategiyasi yo’qligidan dalolat beradi.
“Davlatning yosh avlodga munosabatida jiddiy kamchiliklarga yo’l qo’yilgan edi. Shuning uchun davlat ushbu yo’nalishni qo’lga olib, vaziyat va dasturiy qadamlar tegishli idoralarda, parlamentda tahlil qilinayapti, menimcha”, - deydi Novqat shahridagi gimnaziya direktori Komiljon Eminov.
Uning aytishicha, oiladagi tarbiya, bolalar va o’spirinlar ustidan zo’ravonlik hollari, bolalar mehnati kabi masalalar davlat e’tiboridan chetda qolmasligi kerak.
“Internet, ijtimoiy tarmoqlar yoshlar ongini egallab olayotganini hisobga olgan holda, ularni madaniy tadbirlar, sport kabi mashg’ulotlarga tortish kerak. Bu sohalarni rivojlantirish uchun davlat dasturlari lozim”, - deydi gimnaziya direktori.
Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, keyingi paytlarda Qirg’izistonning turli burchaklarida 50 dan ziyod yoshlar markazlari tuzilib, ularning bo’sh vaqtlarini to’g’ri tashkil qilish, foydali ishlar bilan mashgu’l etishga xizmat qiladi.
Qo’shiqchi, baxshilar uyushmasi rahbari Abduvali Akimbekov kelajak yoshlarning qo’lida ekani va ularning bunyodkorlik imkoniyatidan keng foydalanish lozimligni ta’kidlaydi. Suhbatdosh fikricha, yoshlarni ish bilan ta’minlash, iqtisodiyotni taraqqiy ettirish borasida keng qamrovli chora-tadbirlar darkor. O’z navbatida bu ichki hamda tashqi muhojiratni ma’lum qadar jilovlash imkonini ham beradi.
“Yoshlar ongini nosog’lom ta’sirdan saqlash uchun o’lkaga xorijdan turli diniy tashkilotlar va sektalar kirib kelishiga chek qo’ymoq lozim”, - deydi Akimbekov.
Mutaxassislarga ko’ra, davlatning yoshlarga doir siyosatida millatlararo do’stlik, totuvlikni mustahkamlash masalalari alohida ahamiyatga loyiq.
Suhbatdoshlarning aytishicha, yoshlar tarbiyasida, umuman, yoshlar salohiyatini oshirish, ularning imkoniyatidan keng foydalanishda mahalliy o’z-o’zini boshqarish tizimlari ham jonbozlik ko’rsatishi joiz.
“Eng muhimi - yaxshi namuna kerak, toki kattalarning so’zi bilan ishi bir bo’lsin, har narsada adolat hukm sursin”, - deydi suhbatdoshlardan biri.