Breaking News

Los-Anjeles ortiqcha xarajatlarsiz olimpiadaga mezbonlik qilmoqchi


Los-Anjeles 2028-yilgi Olimpiya o'yinlariga mezbonlik qilishni rejalamoqda. Asosiy masala - xarajatlarni imkon qadar kamaytirish. Shundan qo'rqib mezbonlik da'vosidan voz kechgan shaharlar ham ko'p. Los-Anjeles rasmiylari avvalgi olimpiada tajribalaridan saboq chiqarmoqchi. Masalan, 1932 va 1984-yilgi musobaqalar moliyaviy jihatdan foyda keltirgan. Buning manfaati shaharda hanuz seziladi.

10 yoshli Aleksa Kastro 2028-yilgi olimpiadani o'z shahrida ko'rishni istaydi. Bu oson bo'lmasligini u tushunadi.

"Ko'plab ish, katta tezlik va uzoq vaqt mehnat qilish kerak", - deydi u.

Kastroning avvalgi olimpiadalarga aloqador joyi bor. U boshqa o'quvchilar qatori velosport to'garagiga qatnaydi. Dastur 1984-yilgi Los-Anjeles olimpiadasidan ko'rilgan daromad hisobiga moliyalangan.

"1984-yilgi foyda ilgari hech ko'rilmagan va ehtimol bundan keyin ham bo'lmaydigan darajada edi. Asosiy sababi - juda kam yangi inshootlar qurilgan. Deyarli birorta yangi arena qurilmagan hisob", - deydi "LA84" jamg'armasi vakili Veyn Vilson.

2028-yilda ham shunday qilinadi.

"Olimpiada shaharga moslangan. Olimpiya yoki paralimpiyaga moslashish uchun shaharni o'zgartirmaganmiz", - deydi shahar Olimpiya qo'mitasi rahbari Jin Saykis.

2028-yilgi musobaqada ham shunday yo'l tutiladi. Kolizey kabi tayyor sport arenalaridan foydalaniladi. Janubiy Kaliforniya universiteti uni qayta ta'mirlash uchun bir necha million dollar sarfash niyatida.

"Shaharlar turli yangi inshootlar qurish bilan qo'mitaga yoqishga harakat qiladi. Xalqaro Olimpiya qo'mitasi so'nggi yillarda bu narsa muammo yaratayotganini tushunyapti. Musobaqadan keyin bo'sh yotadigan standionlar muammosi hammaga ma'lum. Bunday bo'lishi shart emasligini mezoblarga tushuntirishga urinishyapti", - deydi Vilson.

Los-Anjeles mezbonlik uchun Xalqaro Olimpiya qo'mitasidan yordam ham oladi. Yoshlar sport dasturlari uchun kelasi 10 yilda 160 million dollar mablag' beriladi.

"LA84" jamg'armasi rahbari Renata Simril sport yoshlar hayotida muhim rol o'ynashini aytadi.

"Jamoada o'ynash haqida o'ylasangiz, individual mahorat ustida ishlashni o'rganasiz, lekin jamoa hurmatini ham qozonasiz. Vaqtida kelishni, qattiq mehnat qilishni, sharaf bilan yengishni va mag'lubiyatga turib berishni ham o'rganasiz. Qayta oyoqqa turish va kuchliroq bo'lish uchun zaif nuqtalaringiz ustida ishlaysiz", - deydi u.

Kastro uchun televizor ko'rishdan ko'ra velosiped haydash maroqli.

"Uy ishlarimni tugatishim bilan shu yerga kelaman", - deydi u.

Kastro haftada uch kun mashq qilyapti. U 2028-yil Los-Anjelesda o'tadigan olimpiadada ishtirok etishdan umidvor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG