Breaking News

Faollar davlatlarni minalardan voz kechishga chaqirmoqda


Jenevada minalarni man qilishga bag’ishlangan xalqaro anjuman boshlandi. 1997-yilda qabul qilingan bitim qayta ko’rilmoqda. Faollar va minadan jabr ko’rgan odamlar ularni batamom man qilishga chaqirmoqda. Tadbirda 100 dan ortiq hukumatlar vakillari ishtirok etyapti. Ular minalarni tayyorlash, borlarini yo’q qilish hamda minalashtirilgan hududlarni ulardan tozalash ishlaridagi yutuqlarni sarhisob qilmoqda.

Dunyoni minalardan xoli qilishga chaqirayotgan guruhlarga ko’ra, xalqaro bitim 1997-yilda Kanada poytaxti Ottavada qabul qilinganidan beri 160 davlat unga qo’shildi. Bu barcha mamlakatlarning 80 foizdan oshig’i degani.

Faollar qolgan davlatlarni ham bitimni imzolashga va shu bilan odamlar hayoti va sog’lig’ini asrashga da’vat etmoqda.

Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasi prezidenti Piter Maurerning aytishicha, Minalarni man qilish haqidagi bitimni kengaytirish, a’zo davlatlar majburiyatlarini amalda bajarishi lozim.

Yaqinda chiqqan hisobotda aytilishicha, hujjat qabul qilinganidan beri minalardan halok bo’lganlar soni ancha kamaydi. Biroq ko’rsatkichlar hali ham yuqori. O’tgan yili 4000 odam o’lgan yoki majruh bo’lgan.

"Ayrim davlatlarning o’z majburiyatlarini bajarishga shoshmayotgani bizni tashvishga solmoqda. Ko’p mamlakatlar hududlarni minalardan tozalash uchun belgilangan jadvaldan ortda qolmoqda, natijada qurbonlar bor, mayib-majruhlar bor, yerni o’zlashtirishning iloji bo’lmayapti", - deydi Maurer.

Faollar ma’lumotiga kora, 19 davlat o’zini minalardan butunlay xoli deya e’lon qilgan. Kongo Respublikasi, Daniya, Iordaniya va Uganda esa shu hafta oxirigacha ularning safiga qo’shilishi, Polsha esa Ottava Konvensiyasini imzolashi kutilmoqda. Bitim tufayli shu kungacha 46 milliondan ziyod minalar ombori yo’q qilingan.

Faollar portlashda omon qolgan odamlar uchun yordam dasturlari qisqarayotganidan nolimoqda. So’nggi hisobotga ko’ra, yordam puli 30 foizga kamaygan.

Tinchlik uchun Nobel mukofoti laureati Jodi Uilyamsning aytishicha, mablag’ning aksariyati minadan tozalashga sarflanmoqda.

"Chunki bu ish oson. Minani yer ostidan chiqarishingiz bilan ish bitdi. Jabrdiydalarga esa yillab, o’n yillab qarash kerak. Davlat byudjetiga og’ir kelayotgan bo’lishi mumkin. Shunga qaramasdan mamlakatlardan mablag’ni kesmaslikni, aksincha, ko’paytirishni so’ragan bo’lardik", - deydi Uilyams.

Faollarning aytishicha, joriy yilda faqat bir davlat mina qo’ygan – Suriya. Isroil, Liviya va Birma o’tgan yilgi ro’yxatdan chiqdi. Jodi Uilyams Qo'shma Shtatlarni Ottava Konventsiyasini qabul qilishga chaqirmoqda.

Anjumanda minalarning nafaqat davlatlar, balki Afg’oniston, Kolumbiya, Birma, Pokiston, Tailand va Yamanda hukumatga qarshi kurashayotgan qurolli kuchlar tomonidan ishlatilishi ham muhokama etilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG