Rossiyaning "Levada" mustaqil ijtimoiy so'rov markazi Adliya vazirligi tomonidan "xorij agenti" deya tamg'alandi. AQSh va Yevropa Ittifoqi bundan norozi.
Rossiyada 2012-yilda qabul qilingan qonun asosida xorijdan moddiy yordam oluvchi tashkilotlar qora ro'yxatga qo'shib kelinadi. "Amerika Ovozi" yaqinda "xorij agenti" nomi bilan tamg'alangan Levada markazi rahbari Lev Gudkov bilan suhbatda bo'ldi. Quyida uni e'tiborinizga havola etamiz:
Amerika Ovozi: Tashkilotingiz xorij agentlari safiga qo'shilganini qanday izohlaysiz?
Lev Gudkov: Yirik mustaqil tadqiqot tashkiloti bo'lgan "Levada" markazini yo'q qilish xohishi anchadan beri mavjud edi. Shu maqsadda ko'p urinishlar bo'ldi. 2013, 2014-yillarda ham bizni tekshirishdi, lekin o'sha paytdagi qonun bizni yopishga imkon bermadi. Chunki biznikidek nodavlat tashkilotlarga grant olish taqiqlangani bilan boshqa tadqiqot markazlari va kompaniyalar bilan tijoriy ishlarni olib borishga ruxsat bor edi.
Bu yili esa "nodavlat tashkilot" va "siyosiy faoliyat" atamalarini talqin qilishda jiddiy huquqiy o'zgarishlar bo'ldi. Siyosiy faoliyat hozir juda keng qamrovli bo'lib, ijtimoiy so'rovlar o'tkazish, ilmiy seminarlarda gapirish ham hozir shuning ichiga kiradi. Deyarli istalgan jamoat tashkilotini siyosiy faoliyat bilan shug'ullanuvchilar qatoriga qo'shib qo'yish mumkin.
Biz ko'plab xorijiy universitetlar, jumladan, AQShdagilari bilan ham hamkorlik qilamiz. Tazyiq uchun shu asos bo'lyapti. Markazimizga hujumlar G'arbga qarshi shiorlar bilan chiquvchi "Anti-Maydan" tashkiloti shikoyat qilishi ortidan yoz boshida boshlandi. Ular bizni josuslik bilan shug'ullanadigan xorij agentlari qatoriga qo'shishni talab qilishdi. Asosiy sabab shu. Ammo bilvosita sabab oxirgi so'rovlarimizdan birida "Birlashgan Rossiya" partiyasi obro'sining tushgani bilan bog'liq.
Amerika Ovozi: Barcha nodavlat tashkilotlarga shunday zug'um boshlanganidan dalolatmi bu?
Lev Gudkov: Ha, xorij agentlari ro'yxati endi faqat o'sib boradi.
Amerika Ovozi: Sizning tashkilotingiz va boshqa nodavlat tashkilotlar yopilishini 2018-yilgi prezident saylovlaridan oldin maydonni tozalash, deyish mumkinmi?
Lev Gudkov: Yo'q, bu 2012-yilgi ommaviy namoyishlarga javob. Hukumat Ukraina "Maydoni"ning Rossiyada takrorlanishidan qo'rqadi. Amaldagi yetakchilar vahimada. Iqtisodiy inqiroz, yashash sharoitlarining yomonlashishi ertami-kech ommaviy noroziliklarga sabab bo'ladi. Ular buni bilib, ta'sir kuchiga ega mustaqil tashkilotlar va muxolifatni yo'q qilish chorasini ko'ryapti. Jamiyat qanchalik oddiy bo'lsa, uni boshqarish va yo'ldan urish shunchalik oson bo'ladi.
Amerika Ovozi: Endigi rejalaringiz qanday?
Lev Gudkov: Adliya vazirligi qarori ustidan shikoyat qilamiz, sudga boramiz. Lekin sudlarimiz hukumatga qaram ekan, oldindan bir narsa deyish qiyin. Yashab qolish uchun hamma chorani ko'ramiz. Bizning o'limimiz uzoq va og'riqli bo'ladi. Ijtimoiy tadqiqotlarimizni qisqartirishga majburmiz. Imkoniyat bo'lsa, tijoriy marketing tadqiqotlarini davom ettiramiz.