Breaking News

Putin obro'sining sabablari nimada?


Ayrim mutaxassislar fikricha, Rossiya iqtisodi G’arb sanksiyalaridan oldin ham oqsayotgan edi. Shunga qaramay, deydi ular, Prezident Vladimir Putinning reytingi ilgarigidan ham baland. Rossiyaliklar orasida milliy g’urur va vatanparvarlik hissi kuchaygan ko’rinadi. Ammo G’arbdagi tahlilchilar bunday vaziyat ko’pga cho’zilmasligini bashorat qilmoqda.

G’arb kiritgan sanksiyalar hamda neftning jahon bozorida tobora pasayib borayotgan narxi Rossiya iqtisodiyotiga jiddiy zarba bo’ldi. Milliy valyuta ham qadrsizlanib bormoqda.

Ammo shu bilan birga Prezident Vladimir Putinning reytingi Qrim Rossiyaga qo’shib olinganidan beri 80 foizdan ortiq.

“Levada” ijtimoiy so’rovlar markazi direktori Lev Gudkov buni shunday izohlaydi:

“Putinning obro’si 2008-yil avgust-sentabridan, ya’ni Gruziyadagi urushdan so’ng pasayib kelayotgan edi va shu yil yanvar oyigacha pasayishda davom etib, eng quyin nuqtaga tushgan edi”.

Putin reytingining balandligi millatchilikning kuchaygani bilan bog’liq, deydi Gudkov.

“Hech qanday raqobat yo’q-da. Ommaviy axborot vositalari jiddiy senzura ostida. Rossiya parlamenti haqida fikr salbiy, uning Putin va hukumatga bo’ysunishi hech kim uchun sir emas. Davlat Dumasi aslida parlament emas, shunchaki sanoat va mintaqaviy lobbichilarning milliy yig’iniga aylanib qolgan, faqat qudratli guruhlar manfaatlarini himoya qiladi. Ijtimoiy fikrga ta’sir o’tkazish orqali ommaviy xayrixohlik manzarasi yaratilyapti,” - deydi u.

Putin tarafdorlari prezident G’arbga qarshi chiqib Rossiyaning dunyo sahnasidagi rolini qayta tikladi deb ishonadi.

Putin nazarida esa Sovuq urushda o’zini g’olib deb e’lon qilgan G’arb Rossiyani pisand etmay, dunyoni o’z ehtiyojlari va manfaatlariga moslab bichishga harakat qildi.

“Albatta, sanksiyalarni taraqqiyotga g’ov deb tan olamiz. G’arb sanksiyalar orqali bizga ziyon yetkazmoqchi, bizni siyosiy, iqtisodiy va madaniy tomondan yolg’izlatmoqchi, bizni dunyoning eng qoloq mamlakatiga aylantirish niyatida,” - dedi Putin.

“RusEnergy” konsalting agentligi tahlilchisi Mixail Krutixinning aytishicha, sanksiyalar natijasida Rossiya bilan biznes yuritmoqchi bo’lgan kompaniyalar ham keskin kamaygan. Mamlakat ichida esa G’arbga qarshi bayonotlar bevosita neft narxiga bog’liq, deydi mutaxassis.

“Neft narxi qancha baland bo’lsa, Putin tarafdorlari ham shuncha ko’p bo’ladi. Millatchilik ham kuchayadi. Ammo neft arzonlashsa, Putin obro’sining pasayishi turgan gap. Uni ma’qullovchi gaplar ham barham topadi,” - deydi tahlilchi Krutixin.

Kuzatuvchilar fikricha, Kreml rasmiylari orasida vatanparvarlik kayfiyati kamayganini sezish mumkin. Iqtisodiy muammolar odamlarni vaziyatni xolis tahlil qilishga undamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG