Breaking News

Rossiyaga qo’yilgan sanksiyalar ish berayaptimi?


Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lmagan davlatlardan biri, Norvegiya, Rossiyaga qarshi o’z sanksiyalarini e’lon qildi. Xalqaro jazo choralari ish berayaptimi?

Rossiyaga qo’yilgan sanksiyalar ish berayaptimi?/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:13 0:00
Yuklab oling

Yil boshida Qrim yarimorolini bosib olgani hamda Ukraina sharqidagi separatistlarga yordam berayotgani uchun Rossiya AQSh va Yevropaning bir qator sanksiyalariga uchradi.

Siyosatshunos Anders Aslundning tushuntirishicha, avvaliga Qrimni o’zlashtirishga aloqador shaxslar va kompaniyalar, jumladan prezident Vladimir Putinga yaqin odamlar nishonga olingan edi.

“Iyul oyidan boshlab sansksiyalar yanada kuchaytirildi. Moliya, energetika, yuqori texnologiya va mudofaa sektorlari bosim ostida”, - deydi u.

G’arb davlatlari maqsadga erishdimi, degan savolga Vilson tahlil markazi eksperti Metyu Rojanskiy shunday javob beradi:

“Hammasi muddao nima ekaniga bog’liq. Maqsad Rossiyaning xulq-atvorini o’zgartirish bo’lsa, hech narsa o’zgargani yo’q”.

Anders Aslund qayd etadiki, sanksiyalar odatda iqtisodni o’sishdan to’xtatish kuchiga ega, ammo siyosatga umuman ta’sir etmasligi mumkin. Rossiya ekonomikasi kelasi yillar ichida oqsashi tayin.

“Rossiya oldidagi eng katta muammo uning 730 milliard dollarga teng xoijiy qarzidir. Bu mamlakat yalpi milliy mahsulotining taxminan 40 foiziga teng. Bu qarzni qayta moliyalash uchun yiliga 160 milliard dollar mablag’ kerak. Ammo Moskvaga hech kim kredit bermayapti”, - deydi ekspert.

O’tgan oylar ichida neft 20 foizga arzonlashdi. Rossiya eksportdan oladigan daromadning yarmi shu mahsulotdan. Yil boshidan beri rubl qiymati ham 20 foizga tushgan.

Sharhlovchi Stiven Jouns ta’biricha, Rossiya yuzlashayotgan muammolarning hammasi ham xalqaro sanksiyalar bilan bog’liq emas.

“Bu davlat iqtisodiyotida strukturaviy muammolar anchadan beri bor. Xususan, neftga va uning yuqori bahosiga tobelik, korrupsiya, o’sish strategiyasi belgilab olinmagani va islohotga qarshilik”.

G’arb sanksiyalariga javoban Moskva ham o’z cheklovlarini joriy etgan. G’arbdan meva, sabzavot va sut mahsulotlarini xarid qilmay qo’ygan. Tahlilchi Anders Aslund bunga o’zini o’zi jazolash deb qaraydi.

“Oziq-ovqat importini cheklash natijasida qora bozor rivojlanib ketdi. Belarus va Rossiya o’rtasida kontrabanda hajmi oshdi. Rossiyaning turli mintaqalariga oziq-ovqat kam yetib borayapti. Narxlar oshadi va sifat pasayadi. Jabrini tortayotgan rossiyaliklarning o’zi”, - deydi Aslund.

Shuni ham aytib o’tish joiz, sanksiyalardan nafaqat mo’ljaldagi mamlakat balki ularni joriy etgan tomon ham ziyon ko’radi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG