Prezident Barak Obama bugun Oq uydan turib Rossiyaga qarshi yangi cheklovlar e'lon qildi. Vashington nazarida Kreml Ukraina tinchini buzishda davom etmoqda va bergan va'dalarida turmayapti.
Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan bir necha bor gaplashgan Obama deydiki, Ukraina sharqida barqarorlikni tiklash uchun sidqidildan harakat qilish faqat so'zda emas, amalda o'z isbotini topishi kerak.
Kecha Snije shahrida havo hujumlaridan 11 kishi halok bo'lgan. Voqeada bo'lginchi kuchlar gumon qilinmoqda. Ularni esa Rossiya quvvatlab turgani oydek ravshan, deydi Amerika diplomatlari.
AQSh shu paytgacha Kreml va uning homiylarini jazolash uchun qator sanksiyalar qo'ygan. Ukrainaga nisbatan agressiv siyosat ortida turgan muayyan shaxslarning bank hisoblari va mulklari muzlatilgan, ularga viza berish man etilgan. Yevropa Ittifoqi ham o'xshash choralar ko'rib kelmoqda.
Bugungi bayonotida Obama Rossiya banklari va energetika kompaniyalari nishonga olinayotganini aytdi.
"Novatek" va "Rosneft" kabi energetika kompaniyalari hamda "Gazprombank" va VEB singari moliyaviy tizimlar uchun Amerika kapital bozoriga yo'l yopiladi. Har qanday moliyaviy oldi-berdi taqiqlanadi.
Rossiyaning qurol ishlab chiqaruvchi sakkiz firmasi ham sanksiya ostida.
To'liq ro'yxat mana bu yerda.
Yevropa Ittifoqi o'z moliyaviy tizimlarining Rossiya bilan rishtalariga qulf osmoqda. Xususan Yevropa sarmoya banki bu mamlakatdagi qator loyihalarni moliyalab kelayotgan edi. Bunga nuqta qo'yiladi, deydi bugun Bryusselda yig'ilgan rasmiylar.
Ukraina hukumati Rossiyani bu hafta sharqdagi ketma-ket halokat va hujumlarda aybladi.
Yangi prezident Petro Poroshenko Qrimni qaytib olishga bel bog'lagan. Uning bu ahdi G'arb tomonidan to'liq quvvatlanmoqda. Amerika va Yevropa Ittifoqi yarimorolni hamon bu mamlakat yeri deb biladi.
Kreml esa unga yog'ilayotgan ayblovlarning birortasini tan olmaydi va Kiyev bilan muzokaraga shay ekanini bildirib keladi. Rossiya rahbariyati nigohida Ukraina G'arb qo'lida o'yinchoq va mustaqil yo'l tutishga qodir emas.
Poroshenko fikricha, Kreml bunday baho bilan o'z qilmishlarini oqlashga urinmoqda, xolos. Bugun Slavyanskka safar qilgan Bosh vazir Arseniy Yatsenyuk jamoatchilik bilan uchrashib, "Ukraina sarhadini bo'lginchi kuchlardan tozalaymiz va Rossiya tinchimizni buzmasligini ta'minlaymiz", dedi.