Yevropa Ittifoqi Ukraina sharqida separatist kuchlarga yetakchilik qilayotgan 11 shaxsga qarshi sanksiya joriy etdi.
Aleksandr Boroday ular orasida birinchilardan. Boroday Rossiya fuqarosi va o’zini Donetsk mustaqil respublikasi bosh vaziri etib tayinlagan. U boshliq kuchlar Ukraina armiyasi bilan olishmoqda.
Yevropa Ittifoqi hozirgacha Ukrainadagi notinchliklarda ayblab, o’nlab shaxs va bizneslarga cheklovlar qo’ygan. Ular samarasini ko’rish uchun vaqt kerak, lekin bu odamlar allaqachon moliyaviy qopqonga tushgan, deydi Yevropa diplomatlari.
Inson huquqlari bo’yicha Xalqaro amnistiya tashkiloti bo’lginchi guruhlarni qabih jinoyatlarda ayblab, ularni aks ettiruvchi materiallar ko’rsatmoqda. Ukrain kuchlari ham begunoh emas, lekin separatistlarning qilmishi bilan taqqoslaganda, ko’lami ancha kichik, deydi huquq himoyachilari.
Kecha bo’lginchilar bombasidan 19 askar o’lgan, 93 odam jarohatlangan.
Ukraina rahbari Petro Poroshenko deydiki, har bir o’ldirilgan askar uchun separatistlarning 100 nafari yo’q qilinadi. “Ayovsiz qiramiz ularni”,- deydi Poroshenko.
Armiya hozirgacha Slavyanskni bo’lginchilardan tozalaganini e’lon qilgan. Ukraina sharqidagi qishloqlarda janglar davom etmoqda.