Breaking News

Litva rahbari Rossiyani shovinizmda aybladi


Litva prezidenti Dalya Gribauskayte
Litva prezidenti Dalya Gribauskayte

Qrimning Rossiyaga qo’shib olinishi qo’shni mamlakatlarni bezovta qildi. Janubda Qozog’iston, shimolda esa Boltiq davlatlari Rossiya endi nima qilar ekan, deya xavotirda.

Iyul oyi Litvada musiqali festivallar mavsumi. Ulardan biri 15-asrda qurilgan Avliyo Jons cherkovida o’tmoqda. Biroq undan sal narida joylashgan prezident saroyida mamlakat rahbari Dalya Gribauskayte sharq tomondagi bahaybat qo’shnisidan hayiqmoqda.

"Rossiya tomonidan agressiv bayonotlar, agressiv propaganda, agressiv xulq-atvor, axborot urushini ko’ryapmiz", - deydi Litva prezidenti.

Dalya Gribauskaytening aytishicha, Kreml Ukrainada rossiyaparast separatistlarni qo’llab-quvvatlab, buyuk rus shovinizmini targ’ib qilmoqda.

"Bu hol Rossiyada kuchaymoqda. Elita shovinizmni jonlantirishga harakat qilyapti. Bu xavfli holat. Besh yilda ham tugamasa kerak. Hammasi prezident Putinga bog’liq", - deydi Litva rahbari.

Ikkinchi besh yillikka saylangan Gribauskayte shanba kuni qasamyod keltiradi. Litva Boltiqdagi uch respublika ichida eng kattasi bo’lib, uning rahbari Rossiyaning mintaqadagi da’volariga qarshi harakatlariga bosh bo’lishi mumkin. Latviya, Litva va Estoniya Yevropa Ittifoqi va NATO a’zolaridir.

Gribauskaytening ogohlantirishicha, Rossiyaning Ukrainadagi voqealarga aralashuvi uning qo’shnilar bilan munosabatlarida xavfli burilish yasamoqda.

"Juda ham xavotirli vaziyat. Hali tugamaganday. Ukraina sharqida qo’llanilayotgan usullar – o’sha-o’sha do’q-po’pisaga, bevosita harbiy yo’l bilan amalga oshirilmasa-da, axborot urushiga guvohmiz. Tashviqot urushini Boltiq davlatlari, Polsha his etmoqda. Chegaramizda, Kaliningrad oblastidagi harbiy mashqlar shular jumlasidan", - deydi Gribauskayte.

Ukraina, AQSh va Yevropa Ittifoqi Rossiyani Ukraina sharqidagi isyonchilarni qurol va jangchilar bilan ta’minlayotganlikda ayblab keladi. Moskva ayblovlarni rad etadi. Rossiya Qrimning unga qo’shilishini himoya qilar ekan, yarimorol aholisi qonuniy referendum orqali ko’pchilik ovoz bilan shunday qarorga kelganini aytadi.

Litva prezidenti nazarida Rossiya Ukrainadagi isyonchilarni ilg’or qurollar bilan ta’minlamoqda.

"Ayrim terrorchi guruhlar qo’lidagi qurollar Rossiyada chiqarilgan bo’lib, ularning qonuniy bozorda sotilmagani aniq. Ayrimlari esa juda qimmat qurollar", - deydi Gribauskayte.

Ukrainada bo’lgani kabi Boltiq davlatlarida ham ko’plab ruslar yashaydi. Ularning soni bir million atrofida bo’lib, mintaqa aholisining 15 foizini tashkil qiladi.

Prezident Gribauskayte Kremlning xorijdagi ruslarni himoya qilish uchun qo’shni mamlakatlar tinchini buzishga qaratilgan harakatlarini keskin tanqidga oldi. U bu siyosatni Germaniyaning Ikkinchi jahon urushidan oldingi urush boshlash uchun keltirgan sabablariga qiyoslaydi.

"O’tgan asrning 30-yillaridagi usullarga 21-asrda qaytilganini ko’ryapmiz", - dedi Litva prezidenti.

Unga ko’ra, Rossiyaning Qrimni o’ziga qo’shib olishidan NATO hushyor tortishi lozim. O’shandan beri alyans qurolli kuchlari Boltiq davlatlari harbiylari bilan qo’shma mashqlar o’tkazib kelmoqda.

NATO talabiga ko’ra, a’zo mamlakatlar yalpi ichki mahsulotining ikki foizini mudofaaga sarflashi lozim. Prezident Gribauskaytening aytishicha, Litva bu boradagi xarajatlarni oshirmoqda va yaqin orada alyans normasiga yetib oladi.

Bu mamlakat Rossiyaga tabiiy gazga bo’lgan tobeligini ham qisqartirmoqda va dekabr oyidan boshlab gazni dengiz orqali import qila boshlaydi.

Prezident Gribauskayte AQShdan unga gaz sotishni so’ramoqda.

"Amerika xavfsizlik, demokratiya, tinchlik bobida mas’uliyatli, global bir davlat. Yoqilg’i orqali, harbiy harakatlarsiz tinchlikka erishish mumkin. Qo’shin yuborish o’rniga gaz uzatib, dunyoda barqarorlikni o’rnatsa bo’ladi", - deydi Litva rahbari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG