Breaking News

Boltiqbo'yi davlatlarining Rossiyadan xavotiri oshmoqda


Rossiyaning Qrimni egallab olgani va sharqiy Ukrainadagi isyonchilarni qurollantirayotgani Boltiqbo’yi davlatlarini tashvishga solmoqda. Sovet Ittifoqi davrida ham bu mamlakatlarda Moskvaga nisbatan norozilik juda kuchli bo’lgan.

Estoniya Rossiyadan xavotirda, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:05 0:00
Yuklab oling

Estoniyadagi NATO standartlariga javob beruvchi havo bazasidan F-16 qiruvchi samolyotlari osmonga ko’tarilmoqda. Bunday samolyotlarning to’rttasi hozir Boltiq dengizi ustida o’tkazilayotgan mashg’ulotda qatnashyapti. Ular ba’zan Rossiya harbiy uchoqlari yaqinidan uchib o’tadi.

100 million dollarlik yangi bazada NATO davlatlari bayroqlari hilpiraydi. Bu yerda yaqinda Polsha, Estoniya, Britaniya, Daniya va AQSh harbiylari qo’shma yig’in o’tkazdi.

AQShning Estoniyadagi elchisi Jef Levinning aytishicha, Amerika va NATO har qanday holatda Estoniyani himoya qilish uchun shay.

“AQSh do’st va NATO doirasidagi ittifoqchi sifatida Estoniya xavfsizligi uchun mas’ul. Oxirgi to’rt oyda biz quruqlikka askarlarimizni, havoga samolyotlarimizni, dengizga esa kemalarimizni joylashtirdik”, - deydi diplomat.

Tallin yaqinida mashg’ulot o’tkazayotgan 1000 ga yaqin estoniyalik askarlar qatorida amerikalik harbiylar ham bor.

AQSh harbiy kemasi qo’mondoni Brayn Diyebold Estoniyada o’tgan mashqlarda ko’plab davlatlar ishtirok etganini aytadi.

“28 ta kema, 14 ta mamlakat bir jamoa bo’lib qatnashdi”, - deydi u.

Uning ta’kidlashicha, NATOning 28 a’zosidan yarmi kema jo’natgan.

“Daniya, Estoniya, Gruziya, Litva, Latviya, Germaniya, Britaniya, AQSh – jami 14 ta, hammasi esimda yo’q”, - deydi Diyebold.

4-iyul – Mustaqillik kuni sharafiga estoniyaliklar AQSh madhiyasini kuyladi.

Rossiya Qrimni egallab, sharqiy Ukrainadagi bo’lginchilarni qo’llab-quvvatlayotgan bir paytda Estoniya o’z xavfsizligini ta’minlash uchun ko’proq AQSh va NATO yordamidan umid qilmoqda.

Estoniya Mudofaa vaziri Mik Marranga ko’ra, Rossiyaning qayta qurollanayotgani Boltiqbo’yidagi uch davlatni haqli ravishda tashvishga qo’ygan. Rossiyaning yangi harbiy tuzilmalari, asosan, Boltiqbo’yi yaqinida joylashgan, deydi u.

“Ukraina ixtilofi shuni ko’rsatdiki, Rossiya, istasa, kuchlarini tez harakatlantira oladi”, - deydi Estoniya rasmiysi.

Boltiqbo’yining uch davlati NATOga a’zo. Ularning barchasi Rossiya bosqiniga qarshi harbiy blok himoyasiga tayanadi. Marran NATOning Estoniyada o’tkazgan harbiy mashg’ulotlarini olqishlab, bu Moskva uchun ogohlantirish bo’lishini ta’kidladi.

“Ular Qrimda yoki sharqiy Ukrainada qilgan ishlarini Estoniyada ham amalga oshirish haqida hatto o’ylashlariga yo’l qo’ymaslik uchun muntazam ogohlantirib turishimiz kerak”, - deydi Marran.

Yaqin kunlarda Tallinga AQShdan katta miqdorda tankka qarshi mudofaa qurollari borishi kutilyapti. Ungacha Estoniyaning himoya strategiyasi Rossiyani imkon qadar uzoqroqda ushlab turish.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG