G’arbning yangi sanksiyalari Rossiya iqtisodiyotga qattiq zarba berdi. Davlatga qarashli energetika kompaniyalari daromadlarini yo’qotmoqda, milliy valyuta esa qadrsizlanishda davom etyapti. Ammo bu cheklovlar Yevropa va Amerika kompaniyalari uchun ham salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, deydi ayrim tahlilchilar.
Rossiya aksiyalari narxi pasayib, rubl qadri ham 1998-yildan buyon eng quyi nuqtaga yetdi. Ammo ayrimlar zaif milliy valyuta narxlarning oshishiga olib keladi, desa, boshqalarga ko’ra, rossiyalik xaridorlar import qilingan mahsulotlarni ko’p sotib olmasligi bois bu oqibatlar tezda bilinmaydi.
Mariya Limpan Moskvadagi Karnegi tadqiqotlar markazi siyosiy tahlilchisi.
“Bu jarayonlar davlat shirkatlari va davlat kompaniyalariga ta’sir ko’rsatmoqda; banklarga ham. Endi esa alohida odamlarga ham ta’sir qilyapti, lekin kamroq darajada”, - deydi u.
Rossiya markaziy banki inflyatsiya oshsa tezda chora ko’rishga tayyorligini bildirdi. Ammo ekspertlar iqtisodiy qiyinchiliklar davom etishidan ogohlantirmoqda. Birinchi navbatda zarba davlatga qarashli energetika sohasidagi kompaniyalarga tegadi. Ular orasida Gazprom bor. Bu gigant kompaniyaning daromadlari 41 foizga tushib ketdi. Energetika bo’yicha mutaxassis Aleksey Kokinning aytishicha, bunga sabab – Rossiyaning Ukrainaga tabiiy gaz sotmaslik qarori.
“Ukrainani boy berish kichik yo’qotish emas. Bu beqarorlik manbaiga aylandi, Gazprom uchun kelajakda vujudga kelishi muqarrar muammolar manbaiga”, - deydi u.
Pasayayotgan neft narxi o’lganning ustiga tepgan bo’lyapti: rubl yanada qadrsizlandi. Bu Rossiyada biznez yuritayotgan xorijiy kompaniyalar uchun shum xabar, deydi Mariya Lipman.
“Dunyoning eng yirik kompaniyalari, jumladan, “Exxon” va “British Petroleum” sanksiyalar kiritilganidan norozi, bu ularning Rossiya neft sanoati bilan daromadli hamkorligiga salbiy ta’sir ko’rsatdi”, - deydi u.
Yangi sanksiyalar nafaqat yirik kompaniyalar va Rossiya hukumati bilan yaqin aloqaga ega shaxslarni jazolashni ko’zda tutadi, balki Rossiya eksportiga ham, xususan, Rossiya va Yevropa o’rtasidagi kelajakda amalga oshirilishi mumkin bo’lgan qurol-aslaha savdo kelishuvlariga ham cheklovlar qoyadi. Hatto G’arb sanksiyalarni yumshatganida ham sarmoyadorlar bundan buyon Rossiyani chetlab o’tishi aniq, deydi “Global FX Strategy” onlayn savdo kompaniyasi vakili Marshall Jittler.
“Rubl uchun iqtisodiy istiqbollar salbiyligicha qoladi. Masala faqat uning naqadar tez qadrsizlanishida. Agar Ukrainada vaziyat barqarorlashsa, rublning qadrsizlanishi ancha sekinlashadi. Agar Ukraina yana beqarorlashsa, rubl qulaydi”, - deydi u.
Rossiya iqtisodiga shuncha zarar keltirilganiga qaramay, rossiyaliklar orasida prezident Vladimir Putinning obro’si balandligicha qolmoqda. Putin yangi sanksiyalardan cho’chimaydi, deydi aksariyat kuzatuvchilar. Hozirda Moskva G’arbdan o’ch olish maqsadida Yevropaga energiya eksportini cheklashi yoki G’arb samolyotlariga Rossiya havo makonlaridan foydalanishni taqiqlashi mumkinligi haqida xavotirlar paydo bo’lmoqda. Hozirgi vaziyatda faqat bir narsa aniq – kelajak nafaqat Rossiya iqtisodiyoti, balki butun dunyo uchun mavhum.