Breaking News

Lavrov: Donetsk va Luganskdagi saylovlarni tan olamiz


Donetsk, Ukraina
Donetsk, Ukraina

Rossiya Ukrainaning isyonchilar hukmron sharqida rejalangan saylovlar natijasini tan olish niyatida.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, 2-noyabrga belgilangan saylovlar Donetsk va Lugansk respublikalarida qonunlar ta'minlanishi, siyosiy kuchlar to'liq ishga tushishi uchun muhim.

Ukrainada yakshanba kuni parlamentga saylovlar o'tgan edi. Isyonchilar e'lon qilgan boykot bois sharqiy viloyatlarda yashovchi uch million odam ovoz bera olmagan. Mintaqada Ukraina armiyasi va isyonchilar apreldan beri olishmoqda va ixtilof 3700 dan ko'p odamni hayotdan olib ketdi.

Amerika Prezidenti Barak Obama kechagi chiqishida isyonchilar nazoratidagi hududda o'tadigan saylovlarni tan olmaymiz, degan. Region Ukraina qonunlariga amal qilmas, Ukraina hukumati bilan kelishmas ekan, Vashington siyosati shu, deydi Obama.

Ukraina parlamentiga o'tgan saylovlarda ovozlarning 85 foizi hisoblab bo'lingan. Yevropaga xayrixoh ikki partiyaning qo'li baland kelgani aytilmoqda.

Saylov komissiyasi hisob-kitobiga qaraganda, Bosh vazir Arseniy Yatsenyukning Xalq fronti va Prezident Petro Poroshenkoning siyosiy bloki 22 foizdan ovoz jamg'argan.

Poroshenko va Yatsenyuk Yevropa Ittifoqi bilan yaqin hamkorlik tarafdori va mamlakatni bankrotlik yoqasidan qaytarish uchun tub islohotlar o'tkazishga va'da berayapti. G'olib partiyalar koalitsiya tuzishi kutilmoqda.

Polsha esa janubi-sharqiy chegaralarida qo'shinlari sonini oshirish rejasini e'lon qildi. Mamlakat qo'shni Ukrainada Rossiyaga xayrixoh isyonchilar va armiya o'rtasida davom etayotgan olishuvlarga javoban shunday chora ko'radi.

Polsha Mudofaa vaziri Tomaz Simonyakning aytishicha, askarlar soni yaqin yillarda oshadi.

Sulhga qaramasdan, rasmiy Kiyev va isyonchilar o'q almashmoqda. G'arb hukumatlari isyonchilar Rossiyadan qurol va moliya olayotganini ta'kidlaydi. Kreml bu ayblovni qat'iyan rad etmoqda.

Bu hududiy bahsda Varshava Ukraina hukumatini qo'llab-quvvatlab keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG