Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi ikki nufuzli tashkilot nazarida Ukraina armiyasini mamlakat sharqida harbiy jinoyatlar sodir etmoqda. Londonda joylashgan Xalqaro Amnistiya tashkiloti isyonchilarni ham ayblamoqda. Xususan, to'qqiz odamning jasadi ko'milgan ommaviy qabr topilgani, jasadlardan besh nafari janglarda nobud bo'lgan isyonchi ekani, qolgan to'rt nafarini Kiyev yuborgan kuchlar o'ldirgani aytiladi.
Xyuman Rayts Uotch (Human Rights Watch) tashkiloti Ukraina sharqida bir hafta davomida izlanish olib borgan. Uning xulosasiga ko'ra, Ukraina armiyasi Donetskdagi aholi punktlarida man etilgan kassetali bombalarni ishga solgan.
Rossiya va Ukraina kassetali bombalarning qurolli mojarolarda ishlatilishini man qiluvchi xalqaro konvensiyaga a'zo emas.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bugun Moskvada ma'ruza qilib, Rossiya Qrimni qo'shib olishi ketidan unga qo'yilgan xalqaro sanksiyalarni tanqid qilgan.
Unga ko'ra, Ukraina hukumati va isyonchilar o'tgan oy Minskda sulhga kelishganidan bir kun o'tib Rossiyaga sanksiyalarning qo'llangani uni jazolamoqchi bo'lgan Amerikaning bu ishda qo'li borligidan dalolatdir.
Jazo choralariga javoban Moskva Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlardan oziq-ovqat mahsulotlari importini yanada cheklamoqchi. Rossiya sanksiyalari xususan mol va cho'chqa go'shtiga taalluqli bo'ladi.