Breaking News

Liviyada noqonuniy qurollangan to’dalar yo’q qilinadi


Liviya muvaqqat rahbari Muhammad al-Magarif yirik namoyishlar ketidan noqonuniy qurollangan guruhlarni tarqatib yuborishni buyurdi.

“Hukumat nazoratida bo’lmagan barcha harbiy bazalar va nazorat punktlari yopilishi, ularning a’zolari qurollarini topshirishi shart”, - deydi Liviya Milliy Kengashi rahbari.

Jamoat joylarida bundan buyon qurol ko'tarib yurish taqiqlanadi.

Liviyaning Bing’ozi shahrida manzara daqiqa sayin o’zgarib bormoqda. O’zini jihodchilar deb atovchi Ansar al-Sharia guruhi joylashgan qo’rg’on minglab namoyishchilar tomonidan vayron qilinib, inshoot tamoman fuqarolar qo’liga o’tgan. 11 kishi halok bo’lgan.

O’tgan kunlar ichida Liviya ahli yana bir necha mutaassib guruh va tashkilotlar qarorgohlarini tortib oldi va ularni quvib yubordi.

Namoyishchilar qo’lida “Senlardan to’ydik”, “Yo’qol bu yerdan”, “Yangi Liviyada terrorizmga o’rin yo’q” degan plakatlarni ko’rasiz.

12-sentabr kuni Bing’ozida AQSh elchisi va vakolatxona xodimlarini o’ldirgan tomon Ansar al-Sharia odamlaridir, deydi namoyishchilar. Guruh buni rad etadi.

Omma hukumatdan xavfsizlik choralarini kuchaytirib, organlarni mustahkamlab, xususan politsiyachilar sonini oshirishni talab qilmoqda.

O’tgan yili Muammar Qaddafiy hokimiyatdan olinganidan beri Liviyada jangari kuchlar ancha oyoqqa turgan. Mamlakatni hududlarga bo'lib, nazorat qilayotgan harbiy brigadalar a'zolari qo’lida eski tuzumdan qolgan qurol-aslahalarni ko’rasiz. Hukumat xavfsizlikni ta'minlashda ayrim guruhlardan foydalanib keladi.

Yangi boshqaruv ular ustidan nazorat o’rnatishga qiynalmoqda. Amerika bu borada yordamni oshirishga bel bog’lagan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG