Breaking News

Liviyada AQSh elchisi o'ldirilgan


Kristofer Stivens (o'ngda) Amerikaning eng tajribali diplomatlaridan biri edi
Kristofer Stivens (o'ngda) Amerikaning eng tajribali diplomatlaridan biri edi
Liviyaning Bing’ozi shahrida Amerika konsulligi hujumga uchrab, elchi Kristofer Stivens va yana uch xodim halok bo’lgan. Davlat kotibasi Xillari Klinton voqeani tanqid qilib, o’lganlar yaqinlariga hamdardlik izhor etmoqda.

Namoyishchilar islomni haqoratlovchi hujjatli filmdan g’azablanib, Bing’ozida AQSh vakolatxonasiga bostirib kirgan. Idora talon taroj qilingan, binoga o’t qo’yilgan.

Elchi Kristofer Stivens oxirgi 20 yilda AQShning xorijda o’ldirilgan ilk diplomati. Davlat kotibasi Xillari Klinton so’zlariga ko’ra, o’lganlardan yana biri axborot almashinuvi uchun mas’ul Shon Smit. Yana ikki nafarining shaxsi aniqlanmoqda.

“Marhumlarning oilalari va do’st-birodarlariga ta’ziya bildiramiz”, - deydi Klinton.

Elchi Stivens diplomatiya sohasida 21 yillik tajribaga ega edi.

“Bir necha oy oldin Liviyaga jo’nashidan oldin qarshimda turib bu lavozimga qasamyod keltirgan edi”, - deydi vazira.

“U xizmat, diplomatiya va Liviya xalqiga yordam haqida ehtiros va chin ishonch bilan so’zlagan edi. Yoshligida Marokashda Tinchlik Korpusida ko’ngilli bo’lib ish boshlagan Stivens Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Amerika xalqlarini birlashtirish yo’lida mehnat qildi. U hayotini xavf ostiga qo’yib bo’lsa ham insoniy qadriyatlar, Amerika manfaatlarini himoya qilishga bel bog’lagan edi”, - deydi Klinton.

Bing’ozidagi hujumda o’lgan Shon Smit ham tajribali diplomat edi. Liviyadan oldin Bag’dod, Monreal, Gaaga, Pretoriyada ishlagan.

Prezident Barak Obama fojeani qoralab, dunyo bo’ylab bu davlat diplomatik korpuslari xavfsizligini oshirish uchun maxsus choralar ko’rishni buyurgan.

Elchi Stivens AQShning jasur farzandi edi, deydi prezident.

Liviya bosh vaziri muovini Mustafo Abu Shagur diplomatlar o’ldirilganini tanqid qilar ekan, bu qo’rqoqlarning ishi, deydi.

Liviyada Muammar Qaddafiyga qarshi qo’zg’olon paytida Stivens isyonchilarni yoqlab chiqqan, muxolifat ichidaobro’si baland bo’lgan.

Ichki ishlar vaziri muovini Vanis al-Sharifning jurnalistlarga aytishicha, qurollangan guruh konsullikka “suiqasdni maqsad qilgan telbalar” kabi bostirib borgan.
Amerika tomoni ehtiyot choralari ko’rib qo’yishi kerak edi, deb hisoblaydi u. Elchi va uning safdoshlari binodan odamlarni evakuatsiya qilishga oshiqqan payt o’ldirilgan.

Klinton deydiki, ayrimlar bu “vahshiylik”ni oqlashga, internetda paydo bo’lgan haqoratli film bilan izohlashga harakat qilmoqda.

Qo’shma Shtatlar har qanday dinni oyoq osti qilishga qarshi, biroq bu kabi zo’ravonlikni qat’iyan inkor etadi.

Hujumda Liviya xalqi yoki hukumatini ayblash noto’g’ri, deydi Klinton.

“Bu juda kichik doiradagi vahshiy insonlarning ishi, Liviyada aksariyat omma Amerikani do’st deb biladi va elchimiz o’ldirilganidan afsusda. Liviya ahli diplomatlarimizdan minnatdor edi”,- deydi u.

“Muhammad payg’ambar sha’niga aytilgan gaplardan g’azabdamiz”, - deydi bing’ozilik mana bu odam. “U payg’ambar, Osama bin Laden emas. Amerika vaziyatga yaxshi ta’sir qilmayapti. Bu filmni to’xtatishimiz kerak”, - deydi u.

Misr poytaxti Qohirada AQSh elchixonasiga kirishga urinib, binodan Amerika bayrog’ini yirtib olib, o’rniga islomiy bannerni ko’targan.

Elchining murojaatini tomosha qiling (ingliz tilida):


“Prezident Obama islomni haqorat qilishlariga yo’l qo’yganidan norozimiz. Sharmandalik bu. Musulmon inilarimizni yoqlayman bu masalada”, - deydi misrliklardan biri.

Global tarmoqdagi film muallifi Isroil va Amerika fuqarosi Sem Basil bo’lib, u islomni “saraton”ga qiyoslagani ma’lum.

Filmni Misrdagi xristianlar moliyalab, undan parchalar ingliz va arab tillariga tarjima qilinib, YouTube saytiga joylangan. Basil namoyish va hujumdan keyin yashirinib yuribdi.

Filmni Florida shtatidan ruhoniy, o’tgan yili o’z cherkovida Qur’on nusxalarini yoqishga da’vat etgan Terri Jouns targ’ib qilib keladi.


  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG