Breaking News

Liviya hukumati Turkiya firmalari oldidagi qarzini uzishga rozi


Liviyada Muammar Qaddafiyga qarshi isyon paytida zarar ko’rgan turk tadbirkorlari bir yildan beri kompensatsiya talab qilib keladi.
Turkiya qurilish kompaniyalari Liviyaga qaytmoqda/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:12 0:00
Yuklab oling

Liviya va Turkiya siyosiy-iqtisodiy rishtalarni yaxshilashga kirishar ekan, harakatlar meva berayotgan ko’rinadi.

Turk biznesmenlari anchadan beri Liviya vazirliklarida eshik qoqish bilan band. 2011-yilgi inqilob paytida Liviyani tashlab chiqib, pulidan ayrilganlar dodini kimga aytishni bilmaydi.

Ularga yordam bera oladigan odamlarni topish, mulozimlar bilan uchrashish uchun hatto besh yulduzli mehmonxonalarni poylab yurgan tadbirkorlar ham kam emas.

Bu harakatlar samara berganicha yo’q, chunki Liviyaning yangi hukumati oldida shundoq ham boshqa muammolar talay. Ammo yaqinda Liviya Bosh vaziri Ali Zidan Anqaraga tashrifi chog’ida masalani hal qilamiz deb va’da berdi.

Liviyani qayta qurishda turk kompaniyalari muhim rol o’ynashi aniq. Buning asosiy sababi narx-navo. Turkiya qurilish firmalari ishni Yevropa kompaniyalariga qaraganda ancha arzonga bajarib beradi, deydi qonunchi Abdurahmon al-Shotir.

“Turkiyaning ustunligi uning siyosiy ta’sirida emas, gap iqtisodiyotda. Bu davlat quruvchilari yaxshi narxda xizmat ko’rsatadi. Britaniya, Fransiya yoki Italiyaga murojaat qilib o’tirmaymiz”.

2011-yilning fevralida Liviyadan uch ming turkiyalik evakuatsiya qilingan. Hisoblarga ko’ra, Liviyaning turk firmalari oldida 20 milliard dollar qarzi bor.

Rasmiy Anqara investitsiyalarni qaytarish uchun olib borgan kampaniya natija bera boshlagan.

Kelasi bir necha hafta ichida Liviya hukumati asosan qurilish sohasiga tegishli qarzlarning yarmini uzishga rozi. Shart shuki, turk firmalari o’sha tashlab ketilgan proyektlar ustida ishni davom ettirishi kerak.

Ikki davlat o’rtasida savdo hajmi o’tgan yili 2,5 milliard dollarni tashkil etgan. Tripolida o’tkazilgan qurilish yarmarkasida qatnashgan kompaniyalarning yarmidan ko’pi Turkiyadan.

Kuzatuvchilar fikricha, Turkiya moliyaviy da’volarni tezda hal qilgani uning regiondagi siyosiy nufuzini yaqqol ko’rsatib turibdi. Arab bahoridan beri bu davlat tashqi siyosatda faollashgan. Mojarolarni boshdan kechirgan mamlakatlarni qayta qurishda turk kompaniyalari o’zini yetakchi qilib ko’rsatish harakatida.

AQShning Liviyadagi Tijorat palatasi prezidenti Richard Griffit Amerika bizneslari Liviyada faolroq bo’lishini istaydi albatta.

“Turkiya muvaffaqiyatining kaliti shundaki, ular Liviyada siyosiy quvvatlovga ega. Shuningdek, inqilobdan keyin iqtisodiy sektorda darrov faollikni qo’lga olishdi. Tripoliga delegatsiya keladimi, ko’zgazmalar o’tkaziladimi, ishtirokchilarning aksariyati doimo turklar. Tan berish kerak”, - deydi amerikalik tadbirkor.

Ko’pchilik liviyaliklar Turkiyani o’ziga yaqin ko’radi. Zamonaviy, iqtisodiyoti mustahkam, demokratik musulmon davlat – bizga namuna, deyishadi ular.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG