Breaking News

Liz Trass - Britaniyaning navbatdagi bosh vaziri


Liz Trass
Liz Trass

Britaniya rahbari Boris Jonson iyul oyida bosh vazirlikdan va Konservatorlar partiyasi yetakchiligidan ketishi haqida e’lon qilishi ketidan o’tkazilgan bir necha bosqichli partiyaviy tanlovda Tashqi ishlar vazirasi Liz Trass g’olib chiqdi.

Xalqaro hayot - 5-sentabr, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:13:00 0:00

Partiyaning 150 mingga yaqin a’zosi pochta orqali uyushtirilgan saylovda qatnashib, 81 mingdan ziyodi o’z ovozini Liz Trassga, 60 mingdan oshig’i esa uning raqibi, sobiq moliya vaziri Rishi Sunakga berdi.

Sunak partiyaning parlamentdagi a’zolari orasida o’tkazilgan tanlovda peshqadam edi, biroq oddiy konservatorlar Trassni bosh vazirlikka munosibroq deb bildi.

"Kelasi ikki yilda berilgan va’dalarni bajara olishimizni namoyish etishimiz kerak. Soliqlarni kamaytirib, iqtisodiyotni kuchaytirishga qaratilgan rejam bor”, - dedi Trass.

Ham Konservatorlar partiyasida, ham mamlakatda rahbarlikni qo’lga olayotgan 47 yashar siyosatchi Britaniyani yoqilg’i inqirozidan olib chiqishga ham so’z berdi.

So’nggi haftalarda mamlakat yoqilg’i kamomadi va yuqori narxlar bilan yuzlashmoqda. Rossiya iqtisodiyotiga zarba berish maqsadida G’arb sanksiyalariga qo’shilgan Britaniyaning o’zi iqtisodiy qiyinchilikka yuz tutmoqda.

Nafaqat yoqilg’iga, balki oziq-ovqat mahsulotlariga narx oshgan. “Sun” gazetasi keltirgan qiyosiy jadvaldan ko’rinishicha, sanksiyalarga uchragan Rossiyada aksincha narxlar tushgan. Britaniyada kelasi oy elektr quvvati yanada qimmatlashi aytilmoqda.

Boris Jonson Trassni bosh vazirlikka loyiq deb bilarkan, uni tabrikladi, ertaga ikkisi Shotlandiyaga borib, qirolicha Yelizaveta Ikkinchi bilan ko’rishadi – Jonson unga iste’fosi haqidagi arizasini rasman topshiradi, qirolicha esa Trassdan yangi hukumat tuzishni so’raydi.

Rishi Sunak ham raqibini g’alaba bilan tabriklab, barcha konservatorlarni Trass atrofida birlashishga chaqirdi.

Liz Trass Britaniyada bosh vazirlikka kelgan birinchi ayol emas. Ungacha Margaret Tetcher, Tereza Mey ham bu lavozimda ishlagan. Kuzatuvchilar Trassning Tetcherga taqlid qilishini alohida ta’kidlaydi.

So’lchilar oilasida voyaga yetgan va o’smirligida liberal-demokratik g’oyalarni qabul qilgan Trass Oksford universitetida talabaligi paytida konservativ qarashlarga mahliyo bo’ladi. Parlamentga 2010-yilda saylanadi, 2014-yilda esa vazirlar mahkamasida ilk lavozimga erishadi – Bosh vazir Deyvid Kameron hukumatida atrof-muhit, oziq-ovqat, qishloq masalalari bilan shug’ullanadi.

2016-yil referendumida Britaniyaning Yevropa Ittifoqi tarkibida qolishiga ovoz bergan Trass breksit jarayonida fikrini o’zgartirib, Britaniyaning mustaqil siyosat olib borish tarafdoriga aylanadi.

“2023-yilgacha qonunchiligimizdan Yevropa Ittifoqining barcha qonunlarini olib tashlashga harakat qilaman”, - dedi u.

Trass Tereza Mey va Boris Jonson hukumatlarida ham turli vazirlik lavozimlarida ishladi. 2021-yilda esa tashqi ishlar vaziri etib tayinlandi.

Trass soliqlarni 36 milliard dollarga qisqartirishga so’z berdi – Britaniya siyosatida 30 yilda kuzatilmagan holat. Uning raqibi Rishi Sunak Trassning soliqlarni tushirishga qaratilgan rejasini mas’uliyatsiz va ertak deb atadi.

Trass Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning ashaddiy tanqidchilaridan bo’lib, kuzatuvchilar Britaniyaning Ukrainaga yordami bundan keyin ham davom etishini ta’kidlaydi.

Ukrainaliklar Trassni ijobiy baholarkan, ularning mamlakatini Jonson kabi qo’llab-quvvatlashiga umid bildirmoqda.

"U Ukraina g’alaba qilishida bizga yordam berishidan umidvormiz. Jonson ketganiga achinyapman. Trass Ukrainadan yuz o’girishiga ishonmayman”, - deydi ukrainalik bir nafaqaxo’r.

"Trassning Ukrainaga doir siyosati Jonsonnikidan farq qilmaydi. Biz uchun bu yaxshi”, - deydi yana biri.

Kreml esa aksincha Trassning bosh vazirlikka saylanganini afsus bilan tilga oldi. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ikki mamlakat aloqalari yanada yomonlashishini bashorat qilmoqda.

"Britaniyada bozh vazirlikka nomzodlar rusofobiyada raqobatlashganini hisobga olganda biror ijobiy narsaga umid qilmaymiz”, - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG