Breaking News

Illinoys shtatida marixuana savdosiga ruxsat berildi


Illinoys shtatida yangi yildan boshlab marixuana iste’moli qonuniylashtirildi. Odamlar giyohvand moddani endi bemalol xarid qilishlari mumkin. Shtatda nasha bilan bog’liq mayda jinoyatlarda ayblanib qamalganlar afv etilmoqda.

Illinoysda 21 yosh va undan kattalarga marixuana sotib olishga qonunan ruxsat berildi. Chikago shahrida ayrim do’konlar tongdan ochiq.

“Ertalab 6 dan turib keldim. Nasha jamiyat tomonidan qabul qilinayotgan bu o’zgarishlarning bir qismi bo’lganimni eslab yuraman. Endi nashani nafaqat sotib olishimiz mumkin, balki chekishdan oldin sifati haqida ham ogoh bo’lamiz”, - deydi do'konga kelgan xaridorlardan biri Dante Kore.

Jeki Rayan ko’p yillar davomida marixuana iste’mol qiladi. Yangi qonundan xursand.

“Bunaqasi bo’lmagan. Illinoys nihoyat boshqa shtatlar izidan yurib, o’zgarish qildi”, - deydi u.

Shtat gubernatori nasha bilan bog’liq mayda jinoyatlarda ayblanib qamalgan 11 ming kishini afv etdi. Jami 700 ming odam ozod etiladi.

Abigeyl Votkins nasha sotayotgan do’konlardan birida ishlaydi.

“Katta shaharda yashaymiz, endi bu yerda aholi hordiq chiqarish uchun marixuana sotib olishiga ruxsat bor. Bu moddani iste’mol qilib yurganlarni qoralash, kamsitishga chek qo’yiladi, hayoti barbod bo’lganlarga kompensatsiya to’lanadi deb umid qilamiz”, - deydi u.

Illinoys giyohvand moddani qonuniylashtirgan 11-shtat bo’ldi. 34 shtat va AQSh poytaxti Vashingtonda nashadan tibbiy maqsadda foydalanish mumkin. Biroq Narkotiklarga qarshi kurash boshqarmasi marixuanani hamon geroin qatorida xavfli modda deb hisoblaydi.

“Butun mamlakat bo’ylab qonuniylashtiramiz deb umid qilaman. Bo’lmasa Kanadaga ko’chaman”, - deydi Brayan Batler ismli amerikalik.

AQSh Kasalliklarni nazorat qilish markazi o’tkazgan izlanishga ko’ra, marixuanadan notibbiy maqsadda foydalanishga ruxsat berilgan shtatlarda dozadan oshirib yuborish natijasida o’lish hollari ham kamroq ekan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG